O‘zbekiston va Britaniya hamkorlik bo‘yicha yangi «Yo‘l xaritasi»ni qabul qiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniyaning savdo bo‘yicha davlat vaziri lord Anas Sarvar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv 9-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib oldi.
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar
Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashgani, barcha darajalardagi aloqalar kengayib borayotgani va xavfsizlik sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda. O‘zbekistonda Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda tashkil qilingan 260 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining London fond birjasidagi ilk IPOsi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Moliya sohasida «Standard Chartered» banki, neft-gaz tarmog‘ida esa «British Petroleum» kompaniyasi faoliyat olib bormoqda.
Qaysi sohalarda yangi loyihalar amalga oshiriladi
Tomonlar infratuzilma, energetika, moliya, geologiya, transport, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida yangi loyihalarni ilgari surish masalalarini muhokama qildi. Ularni, jumladan, Britaniya eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF) ishtirokida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Buyuk Britaniya tomoni Toshkentda ingliz huquqi tamoyillari asosida faoliyat yuritadigan Xalqaro moliya markazini tashkil etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Ta’lim va turizm sohasidagi hamkorlik
O‘zbekistonda Britaniya bilan hamkorlikda uchta qo‘shma oliy ta’lim muassasasi tashkil etilgan. Kembrij universiteti bilan hamkorlikda prezident maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuvda britaniyalik sayyohlar soni ortib borayotgani ham qayd etildi.
Ma’lumot uchun, lord Anas Sarvar O‘zbekistonga O‘zbekiston – Britaniya iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishida qatnashish uchun kelgan. Tashrif doirasida u prezident Shavkat Mirziyoyevga Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Byornemning salomi va maxsus maktubini yetkazgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib kelgani haqida xabar berilgandi.