Toshkentda 1,2 kg dan ortiq sintetik narkotik moddalari musodara qilindi

eʼlon qilindi
Tashuvchi 2004-yilda tug‘ilgan
Foto: DXX

Toshkentda internet orqali faoliyat yuritgan narkodo‘konning «zakladchik»i gumonlanuvchi sifatida ushlandi. Undan va vaqtincha yashab turgan xonadonidan jami 1,2 kg dan ortiq sintetik narkotik moddalar olib qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Avtomobildan 365 gramm mefedron topildi

Yunusobod tumanidagi «Uch qahramon» YPX maskanida poytaxtga kirib kelayotgan «Spark» rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshirildi.

Tekshiruv davomida yo‘lovchi bo‘lib ketayotgan, 2004-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan shaxsga tegishli sellofan paket ichidan 200 ta zip-paketga qadoqlangan jami 365 gramm mefedron sintetik narkotik moddasi aniqlandi.

Xonadondan yana uch turdagi narkotik modda olindi

Tezkor tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchi vaqtincha istiqomat qilayotgan Toshkent tumanidagi xonadon ko‘zdan kechirildi. U yerdan quyidagilar protsessual tartibda olib qo‘yildi:

  • 734 gramm mefedron;
  • 63 gramm alfa-PVP;
  • 45 gramm «Spays»;
  • ikkita elektron tarozi va zip-paketlar.

Shunday qilib, jami 1 207 gramm, ya’ni 1,2 kg dan ortiq sintetik narkotik moddasi aniqlangan.

Gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

DXX ma’lumotiga ko‘ra, muqaddam o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan mazkur shaxs internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konda «zakladchik» sifatida ishlagan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Surxondaryo viloyatida qariyb 42 kg narkotik modda musodara qilingani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek