O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi iste’foga chiqdi

eʼlon qilindi
Mendes o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqish haqida murojaat qilgan
Foto: O‘zbekiston futzal federatsiyasi

O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasi bosh murabbiyi, ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy muammolar sabab lavozimini tark etdi. Bu haqda O‘zbekiston futzal federatsiyasi rasmiy sahifasi xabar berdi.

Federatsiya ma’lumotiga ko‘ra, Mendes o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqish haqida murojaat qilgan. Rahbariyat uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyatni inobatga olib, murojaatini qanoatlantirgan.

Mendes Madridda davolanishi kerak

Ispaniyalik mutaxassis avgust oyining oxiridan buyon yurak yetishmovchiligi bilan bog‘liq tibbiy ko‘rik va tekshiruvlardan o‘tayotgan edi. Dastlab Toshkentda tekshiruvdan o‘tgan Mendes keyinchalik chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar uchun Madridga yuborilgan.

Federatsiya xabariga ko‘ra, ispaniyalik shifokorlar unga ma’lum muddat professional faoliyatidan chekinish hamda davolanish kursini o‘tashni tavsiya qilgan.

Terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlanadi

O‘zbekiston futzal federatsiyasi Mendesga davolanishni muvaffaqiyatli o‘tkazib, salomatligini to‘liq tiklashini tiladi.

Milliy futzal terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlash masalasi bo‘yicha federatsiya qarori keyinroq e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Xose Mariya Mendes va terma jamoa o‘rtasida rasmiy shartnoma imzolangandi.

Shuningdek