Porsche’ning global savdosi 16 foizga pasaydi

Germaniyaning Porsche avtomobil ishlab chiqaruvchisi 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida dunyo bo‘ylab 16 foiz kam avtomobil yetkazib berdi. Kompaniya savdosiga, ayniqsa, Xitoy bozoridagi talabning pasayishi ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Xitoyda yetkazib berish uchdan birga kamaydi
Porsche ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar – sentabr oylarida Xitoydagi yetkazib berish hajmi 33 foizga pasaygan. Shimoliy Amerikada – kompaniyaning eng yirik savdo hududida ko‘rsatkich 13 foizga, Germaniyadan tashqari Yevropada esa 11 foizga kamaygan.
Savdoga 718 model liniyasining ishlab chiqarishdan chiqarilishi ham ta’sir ko‘rsatgan. Kompaniya bozor ulushini har qanday narxda oshirish o‘rniga, brend qiymati va xaridorlar uchun jozibador modellarni saqlab qolishga e’tibor qaratmoqda.
911 modeliga talab saqlanib qolgan
Umumiy pasayishga qaramay, Porsche’ning mashhur 911 modeli nisbatan yaxshi natija ko‘rsatgan. Modelning global yetkazib berilishi to‘qqiz oyda 12 foizga oshib, 42 217 taga yetgan.
Bu holat premium avtomobil bozoridagi talab bir xil emasligini ko‘rsatadi: ayrim modellarga qiziqish saqlanayotgan bo‘lsa, boshqa segmentlarda xaridorlar kamroq avtomobil sotib olmoqda. Porsche rahbariyati kompaniya kelgusida ham talab yuqori bo‘lgan sport avtomobillari, yangi modifikatsiyalar va shaxsiylashtirish imkoniyatlariga e’tibor qaratishini bildirgan.
Avvalroq BMW kompaniyasi yangi to‘liq elektr quvvatida harakatlanadigan iX4 krossover-kupe modelini taqdim etgandi.