O‘zbekiston Ar-Riyod aeroportiga qilingan hujumni qoraladi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyod shahridagi Podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroportga husiylar tomonidan amalga oshirilgan hujumni qat’iy qoraladi. Bu haqda vazirlikning 11-oktabrdagi bayonotida ma’lum qilindi.
TIV hujum oqibatida insonlar halok bo‘lgani va tinch aholi vakillari jarohatlanganidan chuqur qayg‘uda ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatladi
Vazirlik halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
«Saudiya Arabistoni Podshohligining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor tasdiqlaymiz», — deyiladi TIV bayonotida.

TIV hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi
O‘zbekiston TIV tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarni xalqaro huquq normalarining jiddiy buzilishi deb baholadi.
Vazirlik bunday hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga, barcha tomonlarni vazminlik ko‘rsatishga va keskinlikning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
«Tinch aholi hayotini himoya qilish va muhim infratuzilma obyektlari xavfsizligini ta’minlash so‘zsiz ustuvor vazifa bo‘lib qolishi lozim», — deyiladi bayonotda.
Kelishmovchiliklarni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirildi
TIV tomonlarni kelishmovchiliklarni xalqaro huquq va BMT Nizomi tamoyillariga muvofiq, muloqot hamda diplomatik vositalar orqali hal etishga da’vat etdi.
O‘zbekiston Saudiya Arabistoni xalqi va hukumati bilan birdamligini bildirib, mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Avvalroq husiylar Saudiya Arabistoni aeroportlariga hujumlarni davom ettirgani haqida yozgan edi.