
Amerikalik bloger MrBeast O‘zbekistondagi safarini yakunlab, aeroportga yo‘l oldi. Uning Xiva va Buxoroga ham borishi haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi.
Bloger faqat Toshkent va Samarqandga tashrif buyurdi. Buxoro va Xivada esa uning jamoasi suratga olish ishlarini olib boradi.
MrBeast Buxoroga bormagan
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati boshlig‘i Ulug‘bek Shukurlayev MrBeast shaxsan Buxoroga kelmaganini tasdiqladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharga blogerning suratga olish guruhi kelgan. Jamoa Buxorodagi tarixiy obidalar va boshqa diqqatga sazovor joylarda tasvirga olish ishlarini olib borishni rejalashtirgan.
Shukurlayev aholini tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi. Ayrim fuqarolar MrBeast’ni ko‘rish umidida Ark qal’asi tomon yo‘l olgani ham qayd etilgan.

Bloger muxlislar sonidan hayratlandi
MrBeast O‘zbekistondagi muxlislar soni va ularning faolligi uni hayratda qoldirganini Instagram’dagi sahifasida aytgan edi.
«O‘zbekiston, ehtimol, men ko‘rgan eng telba muxlislar bazalaridan biri. Biz hatto yo‘lda bemalol yura olmayapmiz. Menimcha, mashinamiz ortidan mingdan ortiq odam ergashyapti», — dedi bloger.
U o‘zbekistonliklarga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan, biroq katta qiziqish jamoaning harakatlanishini qiyinlashtirayotganini ham tan olgan.
«Ehtimol, bu yerda bo‘lishim mamlakat uchun haddan tashqari ko‘p stress yaratayotgandir. Balki ketishimizga to‘g‘ri kelar», — degan MrBeast.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan MrBeast Toshkentda muxlislariga pul tarqatgani haqida yozgan edi.