Fitch Anor bank reytingini CCC darajasigacha pasaytirdi

eʼlon qilindi
Agentlik bank reytinglarini Rating Watch Negative ro‘yxatiga kiritdi va kapital hamda aksiyador bilan bog‘liq xatarlarni qayd etdi
Fitch Anor bank reytingini CCC darajasigacha pasaytirdi
Foto: Anor bank/ SI

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Anor bank’ning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli reytinglarini CCC+ darajasidan CCC darajasigacha pasaytirdi. Bankning o‘z moliyaviy barqarorligini aks ettiruvchi bahosi ham CCC+ darajasidan CCC darajasiga tushirildi.

Barcha reytinglar Rating Watch Negative ro‘yxatiga joylashtirildi. Bu Fitch kelgusida bank reytinglarini yana salbiy tomonga qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini anglatadi.

Asosiy xatar aksiyador bilan bog‘liq

Fitch bahosiga ko‘ra, reyting pasayishining asosiy omillaridan biri bankning asosiy aksiyadori Qahramonjon Olimov bilan bog‘liq vaziyat bo‘lgan.

Agentlik Olimovning yaqinda Interpol yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgani haqidagi holat bank atrofidagi noaniqlikni kuchaytirganini qayd etdi.

Fitch fikricha, bu vaziyat kapital jalb qilish rejalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va bankning avval belgilangan moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishishini qiyinlashtirishi mumkin.

Fitch kapital yetarliligiga e’tibor qaratdi

Agentlik Anor bank uchun asosiy muammolardan biri kapital holati ekanini ta’kidladi.

Fitch ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil oxirida bankning bazaviy kapitali agentlik metodologiyasi bo‘yicha riskka tortilgan aktivlarning atigi 0,9 foizini tashkil etgan.

Bu bankning zararlarni qoplash imkoniyatlari cheklanganini va qo‘shimcha kapitalga ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Reputatsion xatarlar ham oshgan

Fitch joriy vaziyat bankning reputatsiyasiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkinligini qayd etdi.

Agentlikka ko‘ra, bu kontragentlar va mijozlar ishonchini susaytirishi, bankning bozordagi mavqeyini yomonlashtirishi, daromadlilikni pasaytirishi va moliyalashtirish jalb etishni murakkablashtirishi mumkin.

«Joriy vaziyat kapital jalb qilish rejalari bilan bog‘liq noaniqlikni kuchaytiradi va bankning avval belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish imkoniyatini pasaytiradi», – deyiladi Fitch bahosida.

Reyting yana pasaytirilishi mumkin

Fitch bank likvidligi sezilarli darajada yomonlashsa va majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq xatarlar keskin oshsa, reytinglarni yana pasaytirishi mumkinligini bildirdi.

Agentlik agar bankning faoliyatini davom ettirish qobiliyati shubha ostida qolsa, uning moliyaviy barqarorlik bahosi «f» darajasigacha tushirilishi mumkinligini ham qayd etdi.

Avvalroq reyting pasaytirilgan edi

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fitch Anor bank reytingini CCC darajasigacha pasaytirgani haqida yozgandi.

Shuningdek