Yangi Toshkentda 50 mln dollarlik loyihalarga yangi imtiyoz beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda qiymati $50 mlndan yuqori bo‘lgan noturar joy loyihalari uchun «yashil» sertifikat olish xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplanishini ma’lum qildi.
Shuningdek, yirik investorlarga alohida mas’ul biriktiriladi va har bir $50 mlndan yuqori loyiha bo‘yicha individual investitsiya bitimi tuziladi.
«Yashil» sertifikat xarajatini davlat qoplaydi
Prezident Yangi Toshkent haqiqiy «yashil shahar» bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shaharda quriladigan obyektlarga «yashil bino» standartlari qo‘llanadi.
Investor sotib olgan har bir yer maydonining 30 foizini yashil hududga aylantirish talabi ham Yangi Toshkentdagi loyihalarga tatbiq etilmaydi. Shaharning 30 foizini ko‘kalamzorlashtirish bosh reja asosida davlat tomonidan ta’minlanadi.
Har bir yirik loyihaga mas’ul biriktiriladi
Qiymati $50 mln dan yuqori bo‘lgan har bir loyihaga alohida mas’ul biriktiriladi. U investorga obyekt foydalanishga topshirilgunga qadar hamrohlik qilib, yuzaga keladigan masalalarni hal etishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, «$50 mln dan yuqori har bir loyihaga — bitta investitsiya bitimi» tamoyili joriy etiladi. Bitimda investorning majburiyatlari va tavakkalchiligi hisobga olinib, unga mos imtiyozlar paketi belgilanadi.
Hududlarga 100 gektardan yer ajratiladi
Yangi imkoniyatlarni faqat poytaxt tadbirkorlari bilan cheklamaslik maqsadida Yangi Toshkentdan Toshkent shahrining har bir tumaniga 100 gektardan hudud biriktirilgan.
Endilikda tuman hokimlari mahalliy tadbirkorlar bilan ishlab, yangi loyihalarni shu maydonlarga olib kelishi kerak.
Xuddi shunday, mamlakatning qolgan 13 ta hududiga ham 100 gektardan maydon ajratiladi. Ushbu yerlarda amalga oshirilgan investitsiyalar tegishli viloyat yoki poytaxt tumanining ko‘rsatkichlarida hisobga olinadi.
Biriktirilgan hududlardagi yerlar bo‘yicha birinchi auksionda faqat o‘sha viloyat yoki tuman tadbirkorlari qatnashadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Toshkentda xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlar qurilishini rag‘batlantirish uchun infratuzilma to‘lovlari kamaytirilishi haqida yozgandi.
Savdo, servis va biznes markazlari uchun bazaviy stavka 3 barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun 5 barobar, madaniy hamda ko‘ngilochar maskanlar uchun esa 10 barobar kamaytirilishi belgilangan. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov 1 foiz etib belgilanadi.