Qor va yomg‘ir: o‘zbekistonliklarni hafta davomida qanday ob-havo kutmoqda

12–18-oktabr kunlari O‘zbekistonda hafta boshida yomg‘irli ob-havo kuzatiladi, keyinchalik esa aksariyat hududlarda yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Bu haqda O‘zgidromet prognozida ma’lum qilindi.
12-oktabrda ko‘plab hududlarda yomg‘ir yog‘adi
12-oktabr kuni Buxoro, Navoiy, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining ayrim joylarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Baland tog‘larda yog‘ingarchilik qorga aylanishi ehtimoli bor.
Hafta o‘rtasidan havo ochiladi
Buxoro va Navoiy viloyatlarida 13–18-oktabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzi havo harorati 22–27 darajagacha ko‘tariladi, kechasi esa 8–13 daraja atrofida bo‘ladi.
Toshkent, Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida 13-oktabr kuni asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat Toshkent viloyatining ayrim joylarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 14–18-oktabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi 10–15, kunduzi 20–25 daraja atrofida bo‘ladi.
Janubda havo 28 darajagacha isiydi
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 12-oktabrdagi yomg‘irdan so‘ng 13–18-oktabr kunlari quruq ob-havo kutilmoqda.
Kechasi harorat 10–17 daraja, kunduzi esa 23–28 daraja oralig‘ida bo‘ladi.
Vodiyda 13-oktabrda ham yomg‘ir yog‘ishi mumkin
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 12-oktabrda yomg‘ir yog‘adi, 13-oktabrda esa ayrim joylarda yog‘ingarchilik saqlanib qolishi mumkin.
14–18-oktabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzi harorat 14–17-oktabrda 20–25 daraja, 18-oktabrda esa 18–23 daraja bo‘lishi kutilmoqda.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda hafta asosan quruq
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 12–17-oktabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzi havo 21–26 darajagacha isiydi.
17–18-oktabrga kelib harorat 17–22 darajagacha pasayadi. 18-oktabr kuni ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Tog‘larda salqin bo‘ladi
Tog‘li hududlarda hafta davomida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. 12-oktabrda ayrim joylarda kuchli yomg‘ir, baland tog‘larda esa qor yog‘ishi mumkin.
13–18-oktabr kunlari kechasi 2–7 daraja iliq, 14–18-oktabrda kunduzi 10–15 daraja bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri 12-oktabr kuni qanday ob-havo kuzatilishi haqida yozgan edi.