Mirziyoyev investorlar uchun “O‘Z” falsafasini ilgari surdi

eʼlon qilindi
Prezident sarmoyadorlarni “xorijlik” va “mahalliy” deb ajratmaslik kerakligini ta’kidladi
Mirziyoyev investorlar uchun «O‘Z» falsafasini ilgari surdi
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishi bo‘yicha investor va tadbirkorlar bilan muloqotda sarmoyadorlarni «xorijlik» va «mahalliy» deb ajratish masalasiga munosabat bildirdi.

«Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q!» — dedi davlat rahbari.

Prezident O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi g‘oya — «O‘Z» falsafasini ilgari surdi. U «O‘zbekiston, O‘zgarish, O‘zlik va Mas’uliyat» tushunchalarini anglatadi.

Yangi Toshkentni biz bilan qurgan — o‘zimizniki

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonga sarmoya kiritib, zamonaviy texnologiya olib kelgan va ish o‘rinlari yaratgan investor qayerdan kelganidan qat’i nazar, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.

«Kimki Yangi Toshkentni yoki Shirinni biz bilan birga qursa, demak, u to‘laqonli o‘zimizniki!» — dedi Prezident.

Shuningdek, sarmoyadorlarning mulki va biznesi qonun, davlat va shaxsan Prezidentning qat’iy himoyasida bo‘lishi qayd etildi.

Investorlar takliflari bo‘yicha qaror qabul qilinadi

Muloqot davomida Prezident investorlarning takliflarini tingladi. Bildirilgan tashabbuslar e’tiborsiz qolmasligi va ular asosida yaqin kunlarda tegishli qaror qabul qilinishi ma’lum qilindi.

Davlat rahbari bir oydan so‘ng Yangi Toshkentga yana kelib, berilgan topshiriqlar ijrosini ko‘rib chiqishini aytdi.

Yakunda investor va tadbirkorlar «O‘z g‘oyang! O‘z sarmoyang! O‘z kelajaging! Yangi O‘zbekiston, Yangi Toshkent — o‘zimizniki!» shiori atrofida birlashishga chaqirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Toshkentda qiymati $50 mln dan yuqori bo‘lgan noturar joy loyihalari uchun «yashil» sertifikat olish xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplanishi haqida yozgandi.

Shuningdek