Smart #2 elektromobili rasman namoyish etildi

12-oktabr 2026 14:54 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Smart #2 elektromobili rasman namoyish etildi
Foto: Smart

Smart kompaniyasi 2026-yilgi Parij avtosalonida yangi Smart #2 elektromobilini namoyish etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Ikki eshikli va ikki o‘rinli model original Smart Fortwo konsepsiyasini zamonaviy shaklda davom ettiradi.

Yevropada avtomobil uchun dastlabki buyurtmalar 19 990 yevro, ya’ni qariyb $22,4 mingdan qabul qilinadi. Xitoyda esa cheklangan Couture Edition versiyasi sotuvga chiqarildi.

Xitoyda 999 dona maxsus versiya sotiladi

Foto: Smart China

Smart #2 Couture Edition Xitoy bozorida 112 999 yuan, ya’ni qariyb $16,9 ming narxda taklif etildi. Ushbu versiya atigi 999 dona ishlab chiqariladi. Kompaniya hozir buyurtma bergan mijozlarga avtomobillar 2026-yil oxirigacha yetkazib berilishini ma’lum qilgan.

Smart #2’ning Xitoydagi boshqa versiyalari narxlari noyabr oyida e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

Uzunligi 2,75 metr

Smart #2 ikki eshikli va ikki o‘rinli kuzovga ega. Modelga LED kunduzgi chiroqlar, proyektorli faralar va kapsula shaklidagi elementlardan tashkil topgan old panjara o‘rnatilgan.

Avtomobil uzunligi konfiguratsiyaga qarab 2 751 yoki 2 764 mm, kengligi 1 669 mm, balandligi 1 555 mm. G‘ildirak bazasi 1 875 mm ni tashkil etadi.

Couture Edition oq va oltin ranglar uyg‘unligida bezatilgan. Model 16 dyuymli oltin rangdagi disklar bilan jihozlangan.

Foto: Smart China

Salonda 256 rangli yoritish mavjud

Smart #2 salonida katta markaziy multimedia ekrani, raqamli asboblar paneli va uch spitsali rul o‘rnatilgan. Multimedia tizimi Flyme Link platformasida ishlaydi.

Model 256 rangli atmosfera yoritishi, isitiladigan rul va o‘rindiqlar, Sennheiser audio tizimi, yashirin saqlash bo‘limlari bilan jihozlanadi.

Shuningdek, avtomobilda L2 darajadagi haydovchiga yordam tizimi va masofadan turib avtomobilni to‘xtash joyiga qo‘yish funksiyasi mavjud.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Avatr T09 qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.

Shuningdek