Toshkentdagi taksi ilovalari: narxlar, tariflar va imkoniyatlar tahlili

eʼlon qilindi
50 foizgacha chegirma beradigan taksilar ham bor
Foto: SI

11-oktabr kuni Yandex Go’da kuzatilgan texnik uzilishlar ham muqobil taksilarga ehtiyoj borligini ko‘rsatdi. Foydalanuvchilar narxlarni ko‘rish va buyurtma berishda muammolarga duch kelgan. Shu munosabat bilan Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi taksi xizmatlari, ularning o‘ziga xos jihatlari va ochiq manbalarda ko‘rsatilgan narxlarni o‘rgandi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Yandex Go: ommabop xizmatning texnik muammolari

11-oktabr kuni O‘zbekistondagi foydalanuvchilar Yandex Go orqali mashina chaqirishda, narxlarni ko‘rishda va buyurtma berishda muammolarga duch kelgan. Jamoat transporti bo‘limida avtobuslar harakati ham ko‘rinmagan, haydovchilar va yetkazib berish kuryerlari ham uzilishlar haqida xabar bergan.

Foto: Yandex

Yandex Uzbekistan matbuot xizmati ayrim xizmatlar xatolar bilan ishlayotgani yoki vaqtincha ishlamasligi mumkinligini bildirgan. Kompaniya jamoalari xizmatlarni tiklash ustida ishlayotganini ma’lum qilgan. Shunga o‘xshash uzilish 9-oktabr kuni ham kuzatilgan.

Nosozliklar Rossiyadagi Yandex ma’lumotlar markazlaridan biriga dron hujumi oqibatida zarar yetgani haqidagi xabarlar bilan bir vaqtda yuz bergan. Yandex xizmatlari turli mamlakatlardagi serverlar orqali ishlashi sababli bir hududdagi texnik muammo boshqa mamlakatlardagi ayrim funksiyalarga ham ta’sir qilishi mumkinligini tushuntirgan.

Yandex Go narxlari qanday shakllanadi

Yandex Go’da yo‘lovchi safar narxini buyurtma berishdan oldin ko‘rishi mumkin. Yakuniy summa tanlangan tarif, masofa, safar vaqti va talabga qarab o‘zgaradi. Talab yuqori bo‘lgan paytda narx koeffitsiyenti qo‘llanishi mumkin. Shu sababli ertalab ko‘rilgan narx kechqurun aynan takrorlanmasligi mumkin.

Yandex Go’ning yana bir muhim jihati — u faqat taksi chaqirish bilan cheklanmaydi: ilovada yetkazib berish va jamoat transporti haqidagi ma’lumotlar ham mavjud. Shu bois xizmatdagi uzilish bir vaqtning o‘zida bir nechta funksiyaga ta’sir qilishi mumkin.

MyTaxi: taksidan tashqari yetkazib berish va shahar tashqarisiga safarlar

MyTaxi 2015-yilda Toshkentda ish boshlagan. Kompaniya o‘zini shahardagi taksi agregatorlaridan biri sifatida taqdim etadi. Uni boshqa xizmatlardan ajratib turadigan jihat — taksi bilan bir qatorda bir nechta qo‘shimcha xizmatlarni ham taklif qilishi.

Foto: Newstalk.com

MyTaxi ilovasida yo‘lovchi avtomobilni xaritada kuzatishi, haydovchi va avtomobil haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Google Play’dagi rasmiy ilova tavsifida avtomobil topilishining taxminiy vaqti 3–10 daqiqa deb ko‘rsatilgan.

MyTaxi’ning tariflari ham turli ehtiyojlarga mo‘ljallangan:

  • Economy — odatiy kundalik safarlar uchun;
  • Comfort — kengroq salon va yuk bilan safar qilishni istaganlar uchun;
  • Premium — ishbilarmonlik safarlari uchun;
  • Inclusive — nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan tarif;
  • Suburban — shahar tashqarisiga borish uchun.

Fasten: turli tariflar va safar shartlari

Fasten Toshkentda bir nechta avtomobil toifasini taklif qiladigan xizmatlardan biri. Uning rasmiy tarif sahifasida Comfort, Comfort+, Business, Delivery, yuk tashish va Share kabi xizmatlar ko‘rsatilgan.

Foto:
adsoftheworld.com

Fasten’ning o‘ziga xos tomoni — safar narxiga faqat masofa emas, kutish, avtomobilni yetkazish va ayrim holatlarda bekor qilish shartlari ham ta’sir qilishi mumkin. Masalan, tarif shartlarida bepul kutish vaqti tugagach, kutish uchun haq olinishi mumkinligi qayd etilgan. Buyurtmani bekor qilish ham ayrim holatlarda pulli bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, xizmatning rasmiy sahifasida hayvon bilan safar qilish, nogironlik aravachasidan foydalanish va boshqa ehtiyojlarga oid alohida shartlar mavjud.

Uklon: safar narxini yo‘lovchining o‘zi boshqarishi mumkin

Uklon boshqa taksi xizmatlaridan narxni boshqarish imkoniyati bilan ajralib turadi. Ilovada yo‘lovchi avtomobil toifasini tanlashi va buyurtmasi ustuvor bo‘lishi uchun taklif qilinayotgan narxni oshirishi mumkin. Tejashni istasa, narxni pasaytirib ko‘rishi ham mumkin. Biroq narxni kamaytirish haydovchi buyurtmani qabul qilishini kafolatlamaydi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Uklon’da standart va komfort avtomobillaridan tashqari biznes toifasi, universal kuzovli avtomobillar va ekologik toifadagi variantlar ham mavjud.

Xizmat taksi bilan cheklanmaydi: Uklon orqali jo‘natma yetkazish, boshqa shaharga avtomobil buyurtma qilish va o‘z avtomobilini boshqarish uchun haydovchi xizmatidan foydalanish imkoniyatlari ham ko‘rsatilgan.

WB Taxi: bir vaqtning o‘zida bir nechta tarifdan mashina izlash

Wildberries bilan bog‘liq WB Taxi xizmati Toshkentda 2025-yil oxirida ishga tushirilgan va 2026-yil martida barcha foydalanuvchilar uchun ochilgan. Dastlab xizmat yopiq klub formatida ishlagan.

Foto: SI

Ilovada Standart, Komfort va Komfort Plus tariflari mavjud. Shuningdek, Multi funksiyasi orqali bir vaqtning o‘zida bir nechta tarifda avtomobil qidirish mumkin. Bu yo‘lovchiga faqat bitta tarifdagi mashinani kutib qolmasdan, mavjud variantlarni kengroq qamrab olish imkonini beradi.

WB Taxi’ning yana bir ajralib turadigan jihati — «tarvuz» deb nomlangan ichki bonus tizimi. Xizmat ishga tushirilgan davrda bank kartasi orqali to‘langan safarlar qiymatining 50 foizigacha keshbek ushbu virtual valyutada hisoblanishi e’lon qilingan. Ya‘ni siz 30 ming so‘m bilan safar qilsangiz, sizga pulingizning yarmi — 15 ming tarvuz qaytarib beriladi va siz bundan boshqa safarlarda foydalanishingiz mumkin.

WB Taxi’ning o‘z rasmiy saytida yo‘lovchilar uchun to‘lov usulini tanlash, safarni real vaqt rejimida kuzatish va xizmat sifatiga baho berish imkoniyatlari qayd etilgan.

Shu bilan birga, xizmatga doir iste’molchilar murojaatlari ham bor. Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil yanvar–avgust oylarida WB Taxi faoliyati yuzasidan qariyb 20 ta murojaat kelib tushgan. Ularda avtomobil ko‘rsatilgan joyga kelmasligi, haydovchi bilan qayta bog‘lanish imkoni bo‘lmagani va operator tomonidan zarur choralar ko‘rilmagani haqida shikoyatlar bo‘lgan.

Taxi Millennium: ilova yoki telefon orqali buyurtma

Taxi Millennium o‘z saytida Toshkentda 2005-yildan buyon faoliyat yuritishini bildiradi. Xizmatning asosiy farqi — taksini mobil ilova orqali ham, operatorga telefon qilish orqali ham buyurtma qilish mumkinligi.

Foto: Taxi Millennium

Kompaniya kundalik safarlar uchun qulay avtomobillar va ishbilarmonlik uchrashuvlariga mo‘ljallangan biznes-klass xizmatini taklif etadi. Saytida avtomobillar salonining tozaligi, haydovchilarning tajribasi va o‘zbek hamda rus tillarini bilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Bular kompaniyaning o‘zi taqdim etgan xizmat standartlari bo‘lib, barcha safarlarda bir xil darajada ta’minlanishini mustaqil baholash kerak.

Qaysi taksi arzonroq

Taksi narxlarini taqqoslashga mo‘ljallangan TaxiScan platformasi orqali Yandex Go, Uklon, Fasten, WB Taxi va MyTaxi xizmatlarining narxlarini bir joyda tekshirib ko‘rdik. Hamid Olimjon metrosining oldidan Xalqlar do‘stligi metrosigacha turli xizmatlar quyidagi narxni taklif qilmoqda:

Taksi xizmatiTaxiScan’da ko‘rsatilgan narx
WB Taxi20 100 so‘m
Yandex Go20 000 so‘m
Fasten19 600 so‘m
MyTaxi19 000 so‘m
Uklon18 700 so‘m

Ushbu misolda Uklon va Yandex Go o‘rtasidagi farq 6 000 so‘m. Biroq bu natija Uklon har doim eng arzon, Yandex Go esa doim eng qimmat degani emas. Narxlar yo‘nalish, talab, vaqt, avtomobil toifasi va ilovadagi takliflarga qarab o‘zgaradi.

Foto: Taxiscan

Taksi tanlashda faqat narxga qaramang

Toshkentda taksi xizmatlari bir-biridan nafaqat narxi, balki qo‘shimcha imkoniyatlari bilan ham farq qiladi. MyTaxi yuk va buyum yetkazish hamda maxsus tariflarni taklif qiladi. Fasten turli avtomobil toifalari va safar shartlari bilan ajralib turadi. Uklon yo‘lovchiga buyurtma narxini boshqarish imkonini beradi. WB Taxi’da bir nechta tarifdan bir vaqtda mashina qidirish va bonus tizimi bor. Taxi Millennium esa ilovadan tashqari telefon orqali buyurtma berish imkoniyatini saqlab qolgan.

Albatta, buyurtma berayotganda o‘z xohishingiz va siz uchun qulay shartlarni ko‘rib chiqing: safaringiz bexatar bo’lsin.

Shuningdek