Shakarli ichimliklarga yangi ogohlantirish yorlig‘i taklif qilindi

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklarga majburiy ogohlantiruvchi yorliqlar joriy etish taklif qilinmoqda. Yangi qaror loyihasiga ko‘ra, yorliq mahsulot qadoqlarining old tomonida joylashtirilib, umumiy yuzaning kamida 15 foizini egallashi kerak.
Shakar miqdoriga qarab uch xil ogohlantirish bo‘ladi
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan alkogolsiz ichimliklar har 100 ml mahsulot tarkibidagi shakar miqdoriga qarab maxsus belgi bilan markirovkalanadi.
Agar 100 ml ichimlikda 5 grammdan 8 grammgacha shakar bo‘lsa, sariq fonda «O‘rtacha shakar miqdori» yozuvi qo‘yiladi.
Shakar miqdori 8 grammdan 11 grammgacha bo‘lsa, to‘q sariq fonda «Shakar miqdori yuqori» degan ogohlantirish bo‘ladi.
11 gramm va undan yuqori bo‘lsa, qizil fonda «Juda yuqori shakar miqdori — tez-tez iste’mol qilish salomatlikka zarar» degan yozuv joylashtirilishi taklif etilmoqda.
Yorliq qadoqning kamida 15 foizini egallaydi
Ogohlantiruvchi yozuv mahsulot qadog‘ining old qismida bo‘lishi va umumiy yuzaning kamida 15 foizini egallashi kerak.
Shuningdek, qadoqda mahsulot tarkibi, kaloriyasi va kunlik iste’mol me’yori haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatadigan QR-kod ham bo‘lishi nazarda tutilgan.
2027-yil 1-martgacha ichimliklardagi shakar miqdorini laboratoriyada aniqlash bo‘yicha yagona metodikani tasdiqlash, sentabrgacha esa akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Shakarli ichimliklar uchun alohida raqamli platforma yaratiladi
Loyihada 2027-yil 1-dekabrgacha shakar miqdori yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklarni monitoring qilish uchun yagona raqamli platforma yaratish ham ko‘zda tutilgan.
U «Asl Belgisi» tizimining bir qismi bo‘lib, har bir mahsulotdagi shakar miqdori va ishlatilgan shirinlashtiruvchilar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
2028-yil 1-yanvargacha esa import qilinadigan alkogolsiz ichimliklar tarkibidagi shakar miqdorini elektron deklaratsiya qilish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Bakirov talab nega faqat ichimliklarga qo‘yilayotganini tanqid qildi
Iqtisodchi Otabek Bakirov taklif qilinayotgan tartib ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha xarajat va ma’muriy yuk keltirishini qayd etdi.
Uning asosiy e’tirozlaridan biri talabning faqat alkogolsiz ichimliklarga tatbiq qilinayotgani bilan bog‘liq.
«Muammo shunda. Bu yerda mantiq yo‘q. Ular, aytaylik, 30 foiz shakardan iborat keks yoki muzqaymoqqa hozircha bunday talab qo‘yishmaydi, sizga esa qo‘yishadi», — deb yozdi Bakirov.
Unga ko‘ra, shakar faqat ichimliklarda emas, qandolat mahsulotlari, pishiriqlar, muzqaymoq, sutli shirinliklar va boshqa ko‘plab oziq-ovqatlarda ham mavjud.
Bakirov, shuningdek, markirovka talablari 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgani, mahsulotdagi shakar miqdorini aniqlash bo‘yicha yagona metodika esa faqat 1-martgacha ishlab chiqilishi belgilanganiga e’tibor qaratdi.
Qaror loyihasi bo‘yicha muhokama 14-oktabrgacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shifokor insultga olib keluvchi odatlarni ma’lum qilgandi. Shifokorga ko‘ra, ko‘pchilik qon bosimini o‘lchamaydi yoki ko‘tarilgan bosimni bitta dori bilan tushirib, muammoga jiddiy e’tibor bermaydi. Bunday yondashuv xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin.