O‘zbekistonda suv resurslari kamayib bormoqda — vazirlik vakili raqamlarni ochiqladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Foydalaniladigan suv hajmi yiliga qariyb 13-14 kub km ga kamaydi
Foto: Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi

O‘zbekistonda yiliga foydalaniladigan suv hajmi 1990-yillardagi 64 kub kilometrdan hozir o‘rtacha 50-51 kub kilometrgacha kamaygan. Mamlakat foydalanadigan suv resurslarining 80% dan ortig‘i esa transchegaraviy daryolar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Bu haqda Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari – Suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Zokir Ishpulatov Toshkentda o‘tkazilgan suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya bo‘yicha tarmoqlararo ishchi guruh yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Foydalaniladigan suv hajmi yiliga qariyb 13-14 kub km ga kamaydi

Zokir Ishpulatov Foto: Suv sohasi barqaror rivojlanish markazi

Ishpulatovning aytishicha, suv resurslari yildan-yilga kamayib borayotgan bir paytda unga bo‘lgan talab ortmoqda. Bunga iqlim o‘zgarishi, daryolardagi suv hajmining qisqarishi va muzliklar maydonining kamayishi ta’sir qilmoqda.

«1990 – 1991-yillarda O‘zbekistonda yiliga 64 kub kilometr suv olgan bo‘lsak, hozir bu ko‘rsatkich o‘rtacha 50–51 kub kilometrni tashkil etmoqda. Bu daryolardagi suv resurslarining tabiiy kamayishini ko‘rsatadi. Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonda joylashgan, daryolarni shakllantiradigan muzliklar maydoni ham qisqarib bormoqda», – dedi Ishpulatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suv tanqisligiga moslashish uchun kanallardagi yo‘qotishlarni kamaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish va dalalarda suvdan samaraliroq foydalanish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda suv ta’minotini yaxshilash uchun 38 trln so‘m yo‘naltiriladi

Suvning 80 foizidan ortig‘i qo‘shni davlatlardan keladi

Vazirlik vakilining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslarining 80% dan ortig‘i transchegaraviy daryolardan olinadi. Shu sabab suv taqsimoti qo‘shni davlatlar bilan kelishilgan holda boshqariladi.

«Suv resurslarining 80 foizdan ortig‘i transchegaraviy daryolardan olinadi. Bu qo‘shni davlatlar bilan suvni boshqarish va taqsimlashda yaqin hamkorlikni talab qiladi. Amudaryo va Sirdaryo suvini boshqarish bo‘yicha ikki va uch tomonlama platformalar yaratilgan», – dedi u.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston Sirdaryodagi Bahri Tojik suv omboridan vegetatsiya mavsumida foydalanish rejimini kelishib ishlamoqda. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida esa To‘xtagul suv omborining ish rejimi muvofiqlashtirilmoqda. Shuningdek, Qambarota-1 GES loyihasi bo‘yicha ham uch tomonlama ishlar davom etmoqda.

2027-yilda Butunjahon suvni tejash forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan

Foto: Kursiv Uzbekistan/Dilobar Yo‘ldosheva

O‘zbekistonda 2027-yilda Butunjahon suvni tejash forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Forum doirasida suv tejovchi texnologiyalarni amaliy namoyish etish va mintaqaviy suv tejash dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

«Forumdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda suvni tejash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni jahon hamjamiyatiga ko‘rsatish va qo‘shni davlatlarni ham bu jarayonga qo‘shilishga da’vat etishdir. Suvni tejash bo‘yicha mintaqaviy dasturni qabul qilish ham rejalashtirilgan va hozir uning loyihasi qo‘shni davlatlar bilan kelishilmoqda», – dedi Ishpulatov.

Shu bilan birga, O‘zbekiston hozir 2050-yilgacha suv resurslari bo‘yicha strategiya va konsepsiya ishlab chiqish ustida ham ishlamoqda.

Avvalroq «Kursiv» Farg‘ona va Namanganda 22 ming aholi yangi suv tarmog‘iga ulangani haqida yozgan edi.

Shuningdek