O‘zbekiston va Turkmaniston strategik sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

eʼlon qilindi
Suhbatda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, savdo hajmini oshirish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbatda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, savdo hajmini oshirish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Avazadagi uchrashuvlar va kelishuvlar muhokama qilindi

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmanistonning Avazada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi, MDH sammiti hamda Kaspiy ekologik forumiga raislik qilgani va tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Muloqotda Turkmanistonning mintaqaviy muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni qayd etildi. Ushbu tadbirlarda erishilgan kelishuvlar mintaqada tinchlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Savdo, energetika va transport hamkorligi

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, energetika, transport va qishloq xo‘jaligida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratdi. Transport-logistika aloqalarini mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish muhimligi ham qayd etildi.

Suhbatda Avazada O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etish to‘g‘risida imzolangan shartnomaga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu kengash ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Yetakchilar oliy darajadagi bo‘lajak tadbirlar rejasini ham muhokama qildi. Muloqot yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilish tasdiqlandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Toshkentda qiymati $50 mln dan yuqori bo‘lgan noturar joy loyihalari uchun «yashil» sertifikat olish xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplanishi haqida yozgandi. 

Shuningdek