Madaniy meros agentligi Afg‘onistondagi Mashrab va Navoiy bilan bog‘liq obidalarni o‘rgandi

Madaniy meros agentligi direktori o‘rinbosari Azizjon Aripjonov boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 7 – 11-oktabr kunlari Afg‘onistondagi bir qator yodgorliklarning holatini o‘rgandi.

Xususan, delegatsiya Balx, Taxor, Sari-Pul va Faryob viloyatlaridagi tarixiy va madaniy meros obyektlarini ko‘zdan kechirdi. Mazori Sharifdagi Ravzai muborak maqbarasi, Taxordagi Boborahim Mashrab ziyoratgohi, Sari-Puldagi tarixiy ko‘prik va masjidlar, Faryobdagi Bobo Vali Jon madrasasi, Alisher Navoiy mablag‘i hisobidan qurilgan Bobo Vali hovuzi hamda Mirsaid Baraka me’moriy obidasi o‘rganildi.
O‘zbekiston Afg‘onistondagi tarixiy obidalarni tiklashga ko‘maklashadi
Tashrif davomida afg‘on tomoni bilan yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilgan ma’lumotlar tahlil qilingach, O‘zbekiston Madaniy meros agentligi va Afg‘oniston Axborot va madaniyat vazirligi o‘rtasida tarixiy va madaniy obidalarni saqlash hamda qayta tiklash bo‘yicha hamkorlik qilinishi rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Buxoro karvonsaroyi Boku shahrida to‘liq restavratsiyadan so‘ng yana foydalanishga topshirilgani haqida yozgan edi.