Toshkent viloyatida 17-18 yoshli narkosavdogar qizlar ushlandi

Toshkent viloyatining Chirchiq shahri va Qibray tumanida giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Natijada jami 4,7 kilogramm narkotik modda musodara qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Chirchiqda voyaga yetmaganlar ham ushlangan
Chirchiqda o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2006-yilda tug‘ilgan qiz va uning 2008-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan sherigi 41 dona skotch bo‘lagiga o‘ralgan sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatayotgan vaqtda ushlangan.
Shuningdek, voyaga yetmagan qiz ijarada yashayotgan uyda sotish maqsadida saqlangan 1 kilogramm 259 gramm sintetik giyohvandlik vositasi aniqlangan.
Boshqa bir tezkor tadbirda esa 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizni giyohvandlik vositalari savdosiga jalb qilgan shaxs aniqlangan. U 1988-yilda tug‘ilgan ayol va voyaga yetmagan qiz bilan birga 150 gramm sintetik giyohvandlik vositasini yashirin joylarga qoldirish orqali tarqatayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Ayolning uyidan 2 kilogramm 850 gramm mefedron, 200 gramm alfa-PVP va 200 gramm geroin, shuningdek, giyohvandlik vositalarini qadoqlashda ishlatilishi mumkin bo‘lgan zip-paketlar, izolyatsion lenta va tarozilar topilgan.
Qibrayda internet orqali ishlagan narkodo‘kon bilan bog‘liq shaxslar ushlandi
Tezkor tadbirlar Qibray tumanida ham o‘tkazilgan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konga aloqador shaxslar to‘rtta manzilga jami 200 dona o‘ramdagi giyohvandlik vositalarini yashirishga uringan vaqtda ushlangan.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchilar Sirdaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida yashagan. Ular orasida talabalar ham bo‘lib, Toshkent viloyatiga kelib giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan.
IIV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 4 kilogramm 700 gramm giyohvandlik vositasi musodara qilinib, 245 ming dona bir martalik dozaning noqonuniy muomalaga chiqarilishi oldi olingan.
Hozirda internetdagi narkodo‘kon faoliyatiga aloqador boshqa shaxslar va jinoiy guruhlarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda.
Avvalroq Toshkentda internet orqali faoliyat yuritgan narkodo‘konning «zakladchik»i gumonlanuvchi sifatida ushlangandi.