Maxfiy va alohida muhim obyektlarni qabul qilish tartibi belgilandi

O‘zbekistonda davlat sirlari bilan bog‘liq hamda alohida muhim toifaga kiritilgan qurilish obyektlarini foydalanishga qabul qilishning alohida tartibi belgilandi. Bu hukumatning 12-oktabrdagi 560-son qarorida nazarda tutilgan.
Qaror bilan qurilishi tugallangan obyektlarni topshirish-qabul qilish va foydalanishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga o‘zgartirish kiritildi.
Ayrim obyektlar to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinadi
Yangi tartibga ko‘ra, alohida hollarda davlat sirlari bilan bog‘liq yoki alohida muhim toifalangan obyektlar Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari asosida foydalanishga qabul qilinadi.
Buning uchun Davlat qabul komissiyasi hamda buyurtmachi tomonidan ishchi komissiya tuziladi. Obyekt ushbu komissiyalar dalolatnomalarini rasmiylashtirish va tasdiqlash orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanishga qabul qilinadi.
Dalolatnomani komissiya raisi tasdiqlaydi
Qurilishi yakunlangan loyiha doirasidagi obyektni foydalanishga qabul qilish haqidagi dalolatnoma Davlat qabul komissiyasi tomonidan tuziladi.
Obyekt komissiya raisi dalolatnomani tasdiqlaganidan so‘ng rasman foydalanishga qabul qilingan hisoblanadi.
Majburiy nazorat o‘lchovi o‘tkaziladi
Davlat qabul komissiyasi dalolatnomasini rasmiylashtirishdan oldin qurilish obyekti majburiy nazorat o‘lchovidan o‘tkaziladi.
Ushbu tekshiruv Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shundan keyingina obyektni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha tegishli dalolatnomani rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonda data-markazlar uchun 6 mlrd dollardan ortiq sarmoya rejalashtirilgani haqida yozgan edi.