Arxiv hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibi qanday

O‘zbekistonda arxiv ishi va ish yuritishga oid hujjatlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qaror bilan mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Arizalar YIDXP va davlat xizmatlari markazlari orqali beriladi
Yangi tartibga ko‘ra, davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladi. Ariza beruvchilar davlat organlari va yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin.
Xizmat «O‘zarxiv» agentligi, O‘zbekiston milliy arxivlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan ko‘rsatiladi.
YIDXP orqali murojaatda to‘lov 10% arzonroq bo‘ladi
YIDXP orqali murojaat qilinganda so‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Bunda belgilangan to‘lovning 90%i undiriladi. Ya’ni portal orqali murojaat qilganlar xizmat uchun 10% kamroq to‘laydi.
Agar ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan voz kechsa, oldindan to‘langan mablag‘ qaytarilmaydi.
Rad etilgan arizani 30 ish kunida bepul qayta topshirish mumkin
Davlat xizmatini ko‘rsatish rad etilganda ariza beruvchi rad etish haqida xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab 30 ish kuni ichida kamchiliklarni bartaraf etib, qayta murojaat qilishi mumkin. Bunda qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Ekspertiza natijasida kelishilgan hujjat loyihasiga keyinchalik o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritilsa, hujjat umumiy tartibda qayta ekspertizadan o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.
Davlat arxivlarining o‘z arxiv ishi va ish yuritishiga oid hujjat loyihalari esa ekspertizadan o‘tkazilmaydi.
Xizmat muddati va to‘lov miqdori belgilandi
Saqlash muddati ko‘rsatilgan sohaviy hujjatlar ro‘yxati 30 ish kunida ko‘rib chiqiladi va buning uchun BHMning 10 baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Ushbu hujjat turi faqat davlat organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan taqdim etiladi.
Ish yuritish va ijro nazoratini tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnoma 15 ish kunida ko‘rib chiqiladi, xizmat narxi BHMning 2 baravari qilib belgilangan.
Hujjatlar yig‘majildlari nomenklaturasi uchun ekspertiza muddati 15 ish kuni, to‘lov esa BHMning 5 baravarini tashkil etadi.
Idoraviy arxiv, arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi markaziy ekspert komissiyasi hamda ekspert komissiyasi to‘g‘risidagi nizomlar 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Buning uchun BHMning 1 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Hujjatlar yig‘majildlarining arxiv ro‘yxatlari va hujjatlarni yo‘q qilishga ajratish to‘g‘risidagi dalolatnomalar esa 15 ish kunida ekspertizadan o‘tkazilib, xizmat narxi BHMning 2 baravarini tashkil etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Maxfiy va alohida muhim obyektlarni qabul qilish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.