Pokistonda poyezd relsdan chiqib ketdi: qurbonlar bor

eʼlon qilindi
Hodisa Karachi shahridan Peshavorga ketayotgan Rehman Baba Express poyezdida yuz bergan
Foto: Geo News

Pokistonning Panjob viloyatida yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketishi oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi, 30 kishi jarohatlandi. Hodisa Karachi shahridan Peshavorga ketayotgan Rehman Baba Express poyezdida yuz bergan. Bu haqda Geo News xabar berdi.

Poyezdning barcha 14 ta vagoni relsdan chiqib ketgan

Hodisa 13-oktabr kuni ertalab Multon shahri yaqinidagi Sher Shoh ko‘prigi hududida sodir bo‘lgan. Yo‘lovchilardan birining aytishicha, poyezd mahalliy vaqt bilan soat 05:15 atrofida relsdan chiqib ketgan.

Geo News ma’lumotiga ko‘ra, jarohatlanganlar Multon shahridagi Nishtar shifoxonasiga yetkazilgan. Qutqaruvchilar voqea joyida ish olib borgan, poyezdning 14 ta vagonidan 13 tasi tozalangani, yana bir vagonda qutqaruv ishlari davom etayotgani xabar qilingan.

Qurbonlar soni bo‘yicha xabarlar farq qilmoqda

Geo News kamida olti kishi halok bo‘lgani va 30 kishi jarohatlanganini bildirgan. Biroq Pokistonning Dawn nashri temiryo‘l vaziri Hanif Abbasi to‘rt nafar yo‘lovchining o‘limi tasdiqlanganini aytganini yozdi.

Hodisaning sababi hozircha rasman ma’lum qilinmagan. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif qutqaruv ishlarini tezlashtirish va jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatishni topshirgan. Temir yo‘l vazirligi hodisani tekshirish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.

Avvalroq Pokistonning janubi-g‘arbiy qismidagi Kvetta shahrida poyezd o‘tayotgan vaqtda temir yo‘l stansiyasi yaqinida xudkushlik portlashi yuz bergani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek