Kaspiy dengizidan yana 12 ta o‘lik tyulen topildi

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida, Kaspiy dengizi sohilidagi Bautino qishlog‘i yaqinidan 10 – 12 ta o‘lik tyulen topildi. Hayvonlar jasadlari qirg‘oqning taxminan 2,5 – 3 kilometrga cho‘zilgan qismida yotgan. Bu haqda Lada.kz xabar berdi.
Ekologiya idoralaridan javob kutilmoqda
Nashrning yozishicha, Aqtau shahrida yashovchi ayol 11-oktabr kuni qirg‘oqda o‘lik tyulenlarni aniqlagan. Hodisa yuzasidan Lada.kz Mang‘istau viloyati ekologiya departamenti hamda hududiy baliq inspeksiyasiga so‘rov yuborgan. Hozircha hayvonlarning nimadan nobud bo‘lgani ma’lum emas.
2024-yilda qirg‘oqqa 2 mingdan ortiq o‘lik tyulen chiqib qolgan
Mang‘istau viloyati mutaxassislari Kaspiy tyulenlarining nobud bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir nechta sababini ilgari surgan. Ular orasida suv osti zilzilalari, gaz bilan ifloslanish va hayvonlarning ichki kasalliklari bor. Shuningdek, kuchli bo‘ron shamollari o‘lgan tyulenlarni Ozarbayjon qirg‘oqlaridan Qozog‘iston tomon olib kelishi mumkinligi ham aytilgan.
Viloyat baliq xo‘jaligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Mang‘istau qirg‘oqlaridan 2 212 ta o‘lik tyulen topilgan. 2026-yil iyuligacha esa qirg‘oqqa 387 ta nobud bo‘lgan hayvon chiqib qolgan.
Kaspiy tyuleni – faqat Kaspiy dengizida uchraydigan sutemizuvchi hayvon. Uning ommaviy nobud bo‘lishi dengiz ekotizimi holati va ifloslanish ehtimoli yuzasidan xavotir uyg‘otadi. Biroq Bautino yaqinidagi so‘nggi holatning aniq sababi hozircha tasdiqlanmagan.
Avvalroq Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Kaspiy dengizida olib borilgan qidiruv-qutqaruv operatsiyasida bedarak yo‘qolgan barcha askarning jasadi topilgani haqida xabar bergandi.