Toshkent atrofidagi issiqxonalarga ko‘mir yoqish taqiqlanishi mumkin

eʼlon qilindi
Xo‘jaliklar 2026-yil 1-dekabrgacha muqobil energiya manbalariga o‘tishi, ekologik me’yorlarni buzgan issiqxonalar faoliyati esa to‘xtatilishi mumkin
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini sovuqdan qanday himoya qilish mumkin
Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Toshkent shahri va unga tutash beshta tumandagi issiqxonalar uchun yangi ekologik talablar joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, xo‘jaliklar 2026-yil 1-dekabrgacha muqobil energiya manbalariga o‘tishi, ekologik me’yorlarni buzgan issiqxonalar faoliyati esa to‘xtatilishi mumkin. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Issiqxonalar 1-dekabrgacha muqobil energiyaga o‘tishi mumkin

Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan taklifga ko‘ra, Toshkent shahri va unga tutash beshta tumandagi issiqxonalarni isitishda tabiiy gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va boshqa chiqindilarni yoqish taqiqlanishi ko‘zda tutilgan. Qattiq yoqilg‘ida ishlayotgan issiqxonalarga esa joriy yil 1-dekabrgacha muqobil manbalarga o‘tish taklif qilinmoqda.

Ayrim xo‘jaliklarga qattiq yoqilg‘idan foydalanishni davom ettirishga faqat belgilangan texnik talablarga rioya qilgan taqdirdagina ruxsat berilishi mumkin. Buning uchun avtomatlashtirilgan qozonlar, samarali chang-gaz tozalash uskunalari, kul va shlakni xavfsiz yig‘ish sharoiti hamda boshqa zarur vositalar bo‘lishi kerak.

Talablarni buzgan issiqxonalar faoliyati to‘xtatilishi mumkin

2026-yil 15-oktabrdan 2027-yil 15-martgacha issiqxonalarda doimiy ekologik monitoring olib borish rejalashtirilgan.

Monitoring davomida havoga chiqarilayotgan tashlamalar miqdori, chang-gaz tozalash uskunalarining ishlashi va yoqilg‘i turlariga qo‘yilgan talablar nazorat qilinadi. O‘lchov uskunalari hamda videokuzatuv vositalaridan olinadigan ma’lumotlar Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi. Nazoratda dronlar va jamoatchilik vakillaridan ham foydalanish ko‘zda tutilgan.

Agar issiqxonada tozalash uskunalari o‘rnatilmagani, zararli tashlamalar me’yordan oshgani yoki taqiqlangan yoqilg‘i ishlatilgani aniqlansa, tegishli choralar ko‘riladi. Zarur hollarda xo‘jalik faoliyati to‘xtatilishi mumkin.

Issiqxonachilarga 50 mln so‘mgacha subsidiya berish taklif qilindi

Yangi ekologik talablarga moslashishda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ham bir qator choralar taklif etildi. Jumladan:

  • ekologik va energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatishga har gektar uchun 50 mln so‘mgacha subsidiya;
  • yetti yil muddatga 3 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit;
  • monitoring uskunalarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarini yengillashtirish.

Shaxsiy tomorqalardagi issiqxonalar uchun ham alohida imtiyozlar taklif qilinmoqda. 2030-yilgacha yer va mol-mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish, aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish hamda energiya tejamkor tizimlar iste’mol qilgan elektr energiyasi xarajatining yarmini qoplash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yashil energiya va samarali uskunalarni joriy etish uchun 100 mln so‘mgacha grant, yangi issiqxona qurishga 300 mln so‘mgacha, mavjudini qayta jihozlashga esa 150 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Issiqxonalarni Surxondaryoga ko‘chirish taklif etildi

Taqdimotda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasida zamonaviy issiqxonachilikni rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi. Zona uchun 940 gektar yer ajratilgan.

Bu yerda issiqxonalar va agrologistika obyektlarini qurish, jumladan, banklar balansidagi issiqxonalarni hududga ko‘chirish taklif qilindi. Rejaga ko‘ra, 400 gektar maydonda issiqxonalar va agrologistika obyektlari barpo etilishi mumkin.

Infratuzilma uchun 220 mlrd so‘m, loyihalarni moliyalashtirish uchun 200 mlrd so‘m yo‘naltirish hamda 2027-yilda 100 mln dollar investitsiya jalb qilish vazifasi belgilangan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasining Inchxon shahrida o‘tkazilgan «FIRST Global Challenge» xalqaro robototexnika musobaqasida jahon chempioni bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari va murabbiylarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Shuningdek