O‘zbekistonda 627 ming gektar yaylov 49 yilga bepul beriladi

O‘zbekistonda 470 ta mahallaga 627 ming gektar yaylov 49 yilga bepul ijaraga beriladi. Ushbu yerlar soliqdan ham ozod qilinadi. Bu choralar olis hududlarda yashovchi aholining chorvasini o‘tlatish imkoniyatini kengaytirish maqsadida ko‘zda tutilgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2027-yilda 3,7 mln gektar yaylov tiklanadi
O‘zbekistonda jami 21,2 mln gektar yaylov mavjud, biroq ularning atigi 40 foizidan samarali foydalanilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, suv ta’minotini yaxshilash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Hokimlar oldiga 2026-yil yakunigacha 620 ming gektar, 2027-yilda esa 3,7 mln gektar yaylovni qayta tiklash va hosildorligini oshirish vazifasi qo‘yildi.
Yaylovlar uchun 448 ta quduq qaziladi
Yaylovlarning suv ta’minotini yaxshilash uchun qo‘shimcha 448 ta quduq qazish rejalashtirilgan. Bu orqali 2027-yilda 1,5 mln gektar yaylovning suv ta’minotini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Yil yakunigacha yana 1 600 ta quduq ta’mirlanadi.
Bundan tashqari, budjetdan ajratilgan 100 mlrd so‘m hisobidan 2026-yilda 161 ta, 2027 – 2028-yillarda esa 81 tadan sug‘orish inshooti quriladi. Jami 323 ta inshoot 969 ming gektar yaylovni tiklashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Navoiy viloyatida «Kengsoy» nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish uchun mahalliy budjetdan 30 mlrd so‘m ajratilgan. Loyiha doirasida 20 ming gektar yaylovni o‘zlashtirish va 60 ming bosh qoramol uchun yiliga 250 ming tonna ozuqa yetishtirish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.
Chorvadorlarning yerga bo‘lgan huquqlari rasmiylashtiriladi
Hozir 260 ming bosh chorva boqilayotgan 623 ming gektar yaylovni amaldagi foydalanuvchilar nomiga rasmiylashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun tegishli komissiya vakolatini yil oxirigacha uzaytirish ko‘zda tutilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, yaylov yerlarining toifasini o‘zgartirmasdan chorvachilik komplekslarini qurishga ham ruxsat beriladi. Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida jami 130 gektar maydonda 55 ming boshdan ortiq chorvaga mo‘ljallangan 15 ta kompleks qurilishi belgilangan.
Yaylovlardan ekoturizm, asalarichilik, dorivor o‘simliklar yetishtirish, ko‘chatchilik, ovchilik va pillachilik yo‘nalishlarida ham foydalanishga ruxsat berish rejalashtirilgan. Bunda yerlarning tabiiy holatini saqlash va qayta tiklanishini ta’minlash talab etiladi.
Avvalroq Toshkent shahri va unga tutash beshta tumandagi issiqxonalar uchun yangi ekologik talablar joriy etish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.