O‘zbekistonda 9 oyda 2 233 ta zilzila qayd etildi

2026-yilning yanvar – sentabr oylarida O‘zbekistonda 2 233 ta zilzila va 41 ta favqulodda vaziyat qayd etildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Favqulodda vaziyatlar 33 foizga kamaydi
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakatda 41 ta favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan. Bu 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 33 foizga kam.
Seysmik xavflarni kuzatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida milliy monitoring tarmog‘i takomillashtirilmoqda. Xususan, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istondagi seysmik stansiyalar bilan real vaqt rejimida ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, kuchli zilzilalar haqida aholini erta ogohlantirish tizimini rivojlantirish ishlari olib borilmoqda.
536 mingdan ortiq xavfsizlik qoidabuzarligi bartaraf etildi
Aholi xavfsizligini ta’minlash va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 1,5 milliondan ortiq xonadon, 20 mingdan ziyod ko‘p kvartirali uy hamda ulardagi qariyb 900 mingta xonadon tekshirildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inlarning 72,3 foizi aholi yashash joylarida sodir bo‘ladi. Shu sababli sovuq mavsumda gaz va elektr jihozlari, isitish pechlari, tutun mo‘rilari hamda shamollatish kanallarining sozligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlar soni o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 28 foizga kamaygani haqida yozgan edi.