Qibrayda davlat muassasasi rahbari 5 ming dollar bilan ushlandi

Qibray tumanida «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi rahbari pora olishda gumonlanib ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Qibray tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
$16 ming talab qilgani aytilmoqda
Tergovga qadar tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi rahbari G‘oliblar mahallasidagi xonadon tegishli tashkilotlar ruxsati asosida qurilgan bo‘lsa-da, uni kanalga yaqin qurilgan deb sudga murojaat qilishini bildirgan.
U fuqarodan $16 ming bersa, sudda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgani haqida ko‘rsatma berishi va da’vodan voz kechishini aytgani keltirilgan.
Xizmat xonasida $5 ming olayotganda ushlangan
Tezkor tadbir davomida muassasa rahbari so‘ralgan pulning $5 mingini o‘z xizmat xonasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi – pora olish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda 40 sotix yer uchun 11,5 ming dollar so‘ragan xodim fosh etilgani haqida yozgan edi.