O‘zbekistonda quruqlik portlari soni 30 taga yetkaziladi

O‘zbekistonda transport-logistika markazlari va xalqaro quruqlik portlari tarmog‘i kengaytiriladi. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026 – 2030-yillarda transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
Logistika markazlari quvvati 40 mln tonnaga yetkaziladi
Qarorga muvofiq, transport-logistika markazlarining yillik quvvati kamida 40 mln tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Transport va logistika xizmatlari eksportini $3,5 mlrdga, O‘zbekiston hududi orqali tranzit yuk tashish hajmini esa 18,5 mln tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, barcha talablarga javob beradigan xalqaro quruqlik portlari soni hozirgi 24 tadan 30 taga oshiriladi.
Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarining yuk tashish imkoniyati hamda transport-logistika markazlarida konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki baravar oshirilishi belgilangan.
Beshta hudud logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi
Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani, shuningdek, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.
Transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish TOS va omborlarni boshqarish WMS tizimlari joriy etiladi.
Ular 2030-yil oxirigacha Transport vazirligining «E-logistika» platformasiga ulanishi kerak.
Logistika markazlari 2040-yilgacha soliqlardan ozod qilinadi
Qarorga ko‘ra, belgilangan talablarga javob beradigan transport-logistika markazlari 2040-yilgacha yer va mol-mulk soliqlaridan to‘liq ozod etiladi.
Buning uchun markaz ESCATO quruqlik portlari to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan bo‘lishi, tegishli boshqaruv tizimlarini joriy etishi va «E-logistika» platformasida «BB» yoki undan yuqori reytingga ega bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan markazlar uchun 2029-yil 1-avgustgacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ombor uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlar bojxona bojidan hamda majburiy sertifikatlashdan ozod qilinadi.
Kuryerlik jo‘natmalari uchun bojxona yig‘imi kamayadi
2026-yil 1-noyabrdan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun amaldagi bojxona yig‘imi stavkasi 20 foizga pasaytiriladi.
Shuningdek, 2027-yil 31-dekabrgacha M₂, M₃ va N toifasidagi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona boji to‘lamasdan import qilishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘ona yo‘lida «Yashil to‘lqin» tizimi ishga tushgani haqida yozgan edi.