Issiqxona xo‘jaliklariga yangi soliq va imtiyozlar beriladi

O‘zbekistonda ilg‘or «yashil» texnologiyalar asosida issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va tomorqa yerlaridan samarali foydalanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imtiyozlar joriy etiladi. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, issiqxona xo‘jaliklari uchun soliq yengilliklari, elektr energiyasi xarajatlarini qoplash, energiya tejamkor uskunalar xaridiga subsidiyalar hamda imtiyozli kreditlar ko‘zda tutilgan.
Ayrim soliqlar bo‘yicha stavkalar nolga tushiriladi
Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi nol foiz etib belgilanadi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari va baliq xo‘jaligi korxonalarining o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni sotishdan olgan foydasi bo‘yicha foyda solig‘i stavkasi ham nol foiz bo‘ladi.
Issiqxona faoliyatidan olingan daromadi jami daromadining kamida 60 foizini tashkil qiladigan xo‘jaliklar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvargacha 1 foiz etib belgilanadi.
Yer va mol-mulk solig‘i 50 foizga kamaytiriladi
2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha issiqxona faoliyatidan olinadigan daromadi jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlari uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer va mol-mulk soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
Elektr energiyasi xarajatining yarmi qoplanadi
2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelgacha energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanayotgan issiqxona xo‘jaliklariga oktabr – mart oylarida iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Buning uchun issiqxona issiqlik energiyasini tejovchi maxsus qoplama bilan jihozlangan yoki issiqlik nasoslari, geotermal isitish, quyosh issiqlik tizimlari va elektr energiyasiga asoslangan yuqori samarali isitish vositalaridan foydalanishi kerak.
Uskunalar uchun 100 mln so‘mgacha subsidiya beriladi
2030-yil 1-yanvargacha Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi tomorqa issiqxonalarida quyosh panellari, issiqlik nasoslari, infraqizil isitish moslamalari va boshqa energiya tejamkor uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 40 foizi qoplab beriladi.
Bir martalik subsidiya miqdori 100 mln so‘mdan oshmaydi.
Oilalarga 200 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi
Kambag‘allikni qisqartirish maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Toshkent viloyatining issiqxonachilikka ixtisoslashtirilgan 50 ta mahallasidagi har bir oilaga 200 mln so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilangan.
Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida tomorqa va dehqon xo‘jaligi uchun yer maydoniga ega jismoniy shaxslarga imtiyozli kreditlar beriladi.
«Yashil» texnologiyalarga asoslangan yangi issiqxona qurish uchun 300 mln so‘mgacha, mavjud issiqxonalarni qayta jihozlash uchun esa 150 mln so‘mgacha kredit ajratilishi mumkin.
Subsidiyalarni ajratishda mas’ul idoralar belgilanadi
Issiqxonalarni tashkil etish hamda ijtimoiy daftarlar doirasida subsidiyalar ajratish jarayonida Adliya organlari va Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul idoralar sifatida belgilanadi.
Avvalroq Surxondaryoda bir yilda uch marta hosil olish texnologiyasi joriy etilishi haqida yozgan edi.