Banklardagi jami 1,1 trln so‘mlik shubhali operatsiyalar cheklandi

eʼlon qilindi
Eng katta summa «Orient Finans bank»da cheklandi
Banklar mikroqarz sug‘urtasi bo‘yicha mijozlarga ochiq ma’lumot berishi shart
Foto: 62.ua

2026-yilning iyul–sentabr oylarida O‘zbekiston banklarining antifrod tizimlari orqali qariyb 8,7 mln yuqori xavfli sessiya aniqlanib, jami 1,1 trln so‘mlik operatsiyalar cheklandi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, antivirus tizimlari orqali esa 496 mingdan ortiq qurilma zararli fayllardan tozalangan.

Uch oy davomida yuqori xavfli deb baholangan operatsiyalarda cheklangan mablag‘lar hajmi bo‘yicha «Orient Finans bank» birinchi o‘rinni egalladi. Bankda 428,4 mlrd so‘mlik operatsiyalar cheklangan, bu jami summaning 39,9 foiziga teng.

Grafik: MB

«O‘zsanoatqurilishbank»da 272 mlrd so‘m yoki jami mablag‘larning 25,3 foizi, «Uzum bank»da esa 155,3 mlrd so‘m yoki 14,5 foizi cheklangan.

Keyingi o‘rinlarda «Ipak Yo‘li bank» — 103,2 mlrd so‘m, «TBC bank» — 55,1 mlrd so‘m va «Hamkorbank» — 26,2 mlrd so‘m bilan qayd etilgan.

Shuningdek, «Aloqabank»da 15,7 mlrd, «Xalq bank»da 12,2 mlrd, «Agrobank»da 2,9 mlrd va «Kapitalbank»da 1,3 mlrd so‘mlik operatsiyalar cheklangan.

«Agrobank»da 3,6 mln xavfli sessiya aniqlangan

Antifrod tizimlari orqali aniqlangan yuqori xavfli sessiyalar soni bo‘yicha «Agrobank» yetakchi bo‘ldi. Unda 3,6 mln dan ortiq shubhali sessiya qayd etilgan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 41,5 foizini tashkil qiladi.

«Biznesni rivojlantirish banki»da 2,16 mln yoki 24,8%, «Octobank»da 500,6 ming, Xalq bankda 478,1 ming va «Ipak Yo‘li bank»da 477,8 ming yuqori xavfli sessiya aniqlangan. Umuman, bank tizimida uch oy davomida 8,7 mlnta yuqori xavfli sessiya qayd etilgan.

496 mingdan ortiq qurilma zararli fayllardan tozalandi

Grafik: MB

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, antivirus tizimlari yordamida jami 496,2 mingta qurilma zararli fayllardan tozalangan.

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Aloqabank» birinchi o‘rinda — 103,6 mingta yoki jami holatlarning 20,9 foizi. Hamkorbankda 87,6 mingta, «Uzum bank»da 57,7 mingta, «Agrobank»da 55,7 mingta va «Mikrokreditbank»da 51,8 mingta qurilma tozalangan.

811 mingdan ortiq foydalanuvchiga cheklov qo‘yildi

Zararli fayl aniqlangani sababli bank ilovalaridan foydalanishi cheklangan foydalanuvchilar soni 811,2 mingtani tashkil etdi.

Eng katta ko‘rsatkich «Ipak Yo‘li bank»da qayd etilgan — 326,7 mingta yoki jami holatlarning 40,3 foizi. «Hamkorbank»da 110,5 mingta, «Mikrokreditbank»da 78,2 mingta, «Agrobank»da 77 mingta va «Xalq bank»da 59,8 mingta foydalanuvchining ilovadan foydalanishi vaqtincha cheklangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yil 1-sentabr holatiga O‘zbekiston bank tizimida xorijiy valyutadagi mablag‘lar ulushi kamayishda davom etgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, xorijiy valyutadagi depozitlar ulushi bir yil ichida 23 foizdan 19 foizgacha tushgan.

Shuningdek