O‘zbekistonda 1 milliondan ortiq oilaga bir martalik yordam puli beriladi

O‘zbekistonda 2026-yil noyabr oyida 1 milliondan ortiq ehtiyojmand oilaga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligi prezident farmoni loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
Kimlar 1 mln so‘mlik yordam olishi mumkin
Moddiy yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan xonadonlar hamda parvarishga muhtoj shaxslarga berilishi ko‘zda tutilgan. Bu toifadagi oilalar soni 573 mingni tashkil etadi. Yana 273 ming oila mahalla tavsiyasi asosida yordam olishi mumkin. Bunda oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan oylik daromad 1 mln 430 ming so‘mdan oshmasligi kerak.
Markazlashgan isitish tizimidan foydalanadigan 171 ming oila ham yordam oluvchilar qatoriga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Ular uchun daromad mezoni viloyatlarda 1 mln 430 ming so‘m, Toshkent shahrida esa 2 mln 145 ming so‘m etib belgilanadi. Jami yordam oluvchilarning 444 mingi yoki qariyb 44 foizi Ijtimoiy reyestrga kiritilmagan oilalardir.
Gaz va elektr uchun kompensatsiya kengaytiriladi
Ijtimoiy reyestrga kirmagan oilalar uchun gaz va elektr xarajatlarini qoplashga doir daromad mezonini 1 mln 72 ming so‘mdan 1 mln 430 ming so‘mgacha oshirish taklif etilmoqda. Natijada qo‘shimcha 166 ming oila kompensatsiya olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Buning uchun 77 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, elektr va gaz iste’moli bo‘yicha bazaviy me’yor doirasidagi hamda undan yuqori tariflar o‘rtasidagi farqni qoplash muddati 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirilishi mumkin. Ushbu chora bilan har yili 470 ming oilani qamrab olish va 150 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
3 mingta xonadon energiya tejamkor holatga keltiriladi
Sharoiti og‘ir mahallalarda yashovchi 3 mingta davlat ta’minotidagi oilaning uylarini energiya tejamkor qilish rejalashtirilmoqda. Xonadonlarning devor va tomlari izolyatsiya qilinadi, energiya tejamkor deraza va eshiklar, quyosh panellari yoki quyosh suv isitkichlari o‘rnatiladi. Loyiha uchun 240 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Bu har bir xonadonga o‘rtacha 80 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi.
Avvalroq «Kursiv» prezident Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumida aholini, xususan, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edi.