O‘zbekistonda 15-oktabrdan biznesni ro‘yxatga olish boshlanadi

eʼlon qilindi
Tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin
Tadbirkorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar yagona reyestri joriy etiladi
Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbekistonda 2026-yil 15-oktabrdan 30-noyabrgacha biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Unda yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilganlar va ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan shaxslar ham qamrab olinadi.

Bu tartib hukumatning 2026-yil 9-oktabrdagi 557-son qarorida belgilangan. Ro‘yxatga olish tadbiri prezidentning 2026-yil 10-sentabrdagi PF–190-son farmoni asosida tashkil etilmoqda.

Biznesni qanday ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin

Yuridik shaxslar hisobot.stat.uz platformasi, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar esa census.stat.uz orqali mustaqil ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Bundan tashqari, ro‘yxatga oluvchi xodimlar tadbirkorlarning faoliyat yuritayotgan manziliga borib, so‘rov o‘tkazadi. So‘rovlar soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshiriladi. Ro‘yxatga olish jarayonida mamlakatdagi iqtisodiy subyektlarning soni, faoliyat yo‘nalishlari va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha taqsimoti aniqlanadi.

Tadbirkorlarning ma’lumotlari sir saqlanadi

Qarorga ko‘ra, ro‘yxatga olish davomida to‘plangan ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda foydalaniladi. Fuqarolar savol va murojaatlari bo‘yicha 1851 qisqa raqamli koll-markazga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin.

Ro‘yxatga olish yakunlangach, iqtisodiy subyektlarning 5 foizigacha bo‘lgan qismi tanlanma nazorat tartibida qayta tekshiriladi. Yakuniy natijalar 2027-yil 1-sentabrgacha Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar xorijda o‘zbek milliy restorani tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizigacha qismini subsidiya sifatida qaytarib olishlari mumkinligi haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek