Sergelida 5 gektarlik ekologik dam olish maskani qurilmoqda

Sergeli tumanining Qumariq mahallasida 5 gektarlik yangi dam olish hududi barpo etilmoqda. Toshkent shahar hokimligining ma’lum qilishicha, loyiha markazida 17 ming kvadrat metrlik sun’iy ko‘l bo‘ladi.
Hududda nimalar bo‘ladi
Ko‘l atrofida bolalar maydonchalari, shiyponlar, barbekyu zonalari hamda sport va sayr qilish uchun joylar tashkil qilinadi. Shuningdek, quyosh panellari, suvni tozalash va ozonlash tizimlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Loyiha mualliflari suv havzasi hududdagi changni kamaytirish, havoni namlantirish va mikroiqlimni yaxshilashga xizmat qilishini kutmoqda.
Qurilish ishlarining 30 foizi bajarildi
Hozirgacha asosiy qurilish ishlarning 30 foizdan ortig‘i bajarilgan. Ayni paytda konstruksiyani armaturalash, mustahkamlash va tirgak devorini qurish ishlari davom etmoqda. Joriy yilning noyabriga qadar qariyb 800 metr devorni bitirish va suv havzasi tubidan tuproqni to‘liq olib chiqish rejalashtirilgan. Obyektni yil oxirigacha yakunlash mo‘ljallangan. Toshkentning boshqa tumanlarida ham sun’iy ko‘llar barpo etish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent shahrida sun’iy ko‘l va havzalar barpo etilishi haqida yozgan edi.