Moldovada o‘zbekistonlik ishchilarning pasportlari olib qo‘yilgan holat o‘rganilmoqda

eʼlon qilindi
Fuqarolar ikki oydan beri ish haqi olmaganini aytgan
Foto: moldova1.md

Ijtimoiy tarmoqlarda Moldovada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning pasportlari olib qo‘yilgani, ikki oydan beri ish haqi olmagani va og‘ir mehnat sharoitida qolib ketgani haqida videomurojaat tarqaldi. Migratsiya agentligi holatni nazoratga olib, fuqarolar bilan bog‘langanini ma’lum qildi.

Tarqalgan videoda Moldovada yo‘l qurilishida ishlayotgan o‘zbekistonliklar ikki oydan beri maosh olmaganini bildirgan.

Shuningdek, fuqarolardan biri ularning pasportlari olib qo‘yilgani va hali qaytarib berilmaganini aytgan.

«Ikki oydan beri oylik oldingizmi? Pasportimizni olib qo‘ygan edilar, pasportni bergani yo‘q», – deyiladi videomurojaatda.

Fuqarolarni Moldovaga konsalting tashkiloti yuborgani aytilmoqda

Migratsiya agentligining dastlabki o‘rganishlariga ko‘ra, fuqarolarni Moldovaga yuborishda konsalting tashkiloti ishtirok etgan.

Agentlik holat bo‘yicha o‘rganish olib borayotganini va yakunlariga ko‘ra qonunchilik doirasida tegishli huquqiy choralar ko‘rilishini bildirdi.

Hozirda Moldovadagi fuqarolar bilan aloqa o‘rnatilgan, ularning holati o‘rganilmoqda va huquqiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

Agentlik litsenziyani tekshirishga chaqirdi

Migratsiya agentligi xorijga ishga ketishdan oldin vositachi tashkilotning tegishli litsenziyasi bor-yo‘qligini tekshirish zarurligini eslatdi.

«Konsalting xizmatini ko‘rsatishning o‘zi xorijga ishga joylashtirish huquqini bermaydi», – deyiladi agentlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada og‘ir vaziyatga tushib qolgan bir qator o‘zbekistonliklar vatanga qaytarilgani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolar Krasnodar o‘lkasida mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan. Turli qiyin vaziyatlar sabab ular og‘ir ijtimoiy-moddiy ahvolga tushib qolgan.

Shuningdek