Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

eʼlon qilindi
Yangi qonun bilan ota-onalar, ta’lim tashkilotlari xodimlari va bolalar uchun zararli axborot tarqatuvchilarga nisbatan javobgarlik choralari belgilandi
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirildi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilishga qaratilgan yangi huquqiy normalar joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qonunda ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish, mehnat munosabatlarida qo‘shimcha choralar hamda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish nazarda tutilgan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Ota-onalarga jarima oshiriladi

Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar voyaga yetmagan bolaning tarbiyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmasa, ularga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima solinadi.

Shuningdek, bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotlarini tarqatgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarima belgilanadi. Bunday axborot mahsuloti musodara qilinadi.

Mazkur qoidabuzarlik mansabdor shaxs tomonidan sodir etilsa, jarima bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarini tashkil etadi.

Bolalar masalalari bo‘yicha komissiya qarorini bajarmaganlar ham jazolanadi

Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning qarorlarini bajarmagan yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha jarima solinadi.

Mansabdor shaxslar uchun esa jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha etib belgilanadi.

Zo‘ravonlik qilgan ta’lim xodimi bilan shartnoma bekor qilinishi mumkin

Bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish majburiyati yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilsa, bu holat u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo‘shimcha asos bo‘ladi.

Jabrlangan bolalarga davlat hisobidan yordam beriladi

Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi.

Jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarda esa voyaga yetmagan jabrlanuvchining manfaatlarini himoya qilish uchun davlat hisobidan advokat ishtiroki ta’minlanadi.

Avvalroq «Kursiv» 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek