Qozog‘istonda reper Navai ikki oyga hibsga olindi

Rossiyalik reper Navai Bakirov Qozog‘istonda giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq ish bo‘yicha ikki oyga hibsga olindi. Jambil viloyati Qorday tuman sudi reperni joriy yil 14-dekabrgacha, ya’ni ikki oyga hibsda saqlash haqida qaror chiqarganini ma’lum qildi.
NAVAI Qozog‘iston chegarasida ushlangan

Joriy yil 13-oktabr kuni NAVAI «Qorday» chegara punktida Qozog‘istonga kirayotganida politsiya va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara xizmati xodimlari tomonidan ushlangan. Jambil viloyati Politsiya departamenti ma’lumotiga ko‘ra, reper kelgan avtomobil tekshirilganda giyohvandlik moddasi topilib, musodara qilingan. Holat yuzasidan giyohvand moddalar kontrabandasiga urinish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Keyinchalik Qozog‘iston OAV tergov giyohvandlik moddalarini noqonuniy saqlash holatini ham qamrab olayotganini xabar qildi. Ushbu xabarlarga ko‘ra, reper avtomobilidan 2,5 gramm marixuana topilgan.
Ostonadagi konsert bekor qilindi
NAVAI 2026-yil 14-oktabr kuni Ostonada konsert berishi kerak edi. Biroq tadbir boshlanishiga taxminan to‘rt soat qolganida chipta operatori konsert texnik sabablarga ko‘ra o‘tkazilmasligini ma’lum qilgan. Konsert boshqa sanaga ko‘chiriladimi yoki butunlay bekor qilinganmi, hozircha aniq emas.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent shahar IIBB Hammali va Navai muxlislariga «Humo Arena»da o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsertga bir soat oldin kelishni maslahat bergani haqida yozgan edi.