Dunyoning eng kelishgan erkagi aniqlandi

Turkiyalik model Dilhan Divrikli Tailandda o‘tkazilgan Mister Global 2026 xalqaro go‘zallik tanlovida g‘olib bo‘ldi. U 10-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan finalda Nigeriya va Filippin vakillari bilan kuchli uchlikka kirib, hakamlar qarori bilan bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Türkiye Today xabar berdi.
Finalda uch nafar ishtirokchi qoldi
Tanlovning final bosqichi Bangkok shahri yaqinidagi Nonthaburi shahrida, MCC Hall majmuasida o‘tkazildi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan erkak modellar ishtirok etdi.

Final oldidan qatnashchilar qariyb 10 kun davomida maxsus dasturda qatnashib, turli tadbirlar, taqdimotlar va hakamlar baholashidan o‘tdi. Yakunda Turkiya, Nigeriya va Filippin vakillari kuchli uchlikka kirdi. G‘oliblik esa Dilhan Divrikliga nasib etdi.
Mister Global xalqaro erkaklar go‘zallik tanlovi 2014-yildan buyon Tailandda o‘tkazib kelinadi.
Divrikli aktyorlik faoliyatini ham boshlamoqchi
Dilhan Divrikli avval ham Turkiyada modellik tanlovlarida qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallagan. Uning oilasi Turkiyaning Afyonkarahisar viloyatidagi Emirdag‘ tumanidan. Modelning o‘zi esa Belgiyaning Bryussel shahrida yashaydi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Divrikli to‘rt tilda gaplashadi. U modellikdan tashqari aktyorlikka ham qiziqadi va kelajakda ushbu sohada professional faoliyat yuritishni maqsad qilgan.
Mister Global 2026 tanlovidagi g‘alaba unga xalqaro miqyosda tanilish va faoliyatini yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.