O‘zbekistondagi ekologik loyihalarga yangi investorlar jalb qilinishi mumkin

O‘zbekiston COP31 doirasidagi yangi xalqaro dasturga tanlangan besh davlatdan biri bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi. Tashabbus mamlakatdagi ekologiya va iqlim bilan bog‘liq loyihalarni tayyorlash, ularni moliyalashtirish uchun xalqaro manbalarni topish hamda investorlar bilan bog‘lashga yordam beradi.
O‘zbekiston besh pilot davlat qatoriga kirdi
Climate Implementation Bridge – BRIDGE tashabbusi COP31 raisligi homiyligida BMT Taraqqiyot dasturi ishtirokida amalga oshiriladi. O‘zbekiston bilan birga Efiopiya, Fiji, Indoneziya va Pokiston dastlabki ishtirokchi davlatlar sifatida tanlangan.
Dastur mamlakatlarga iqlim bo‘yicha rejalarni amaliy loyihalarga aylantirish va ular uchun moliyalashtirish manbalarini topishda ekspert ko‘magini beradi.
Qaysi sohalarga e’tibor qaratiladi?
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya, energiya samaradorligi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi, chiqindilarni boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashish yo‘nalishlari ustuvor bo‘ladi. Birinchi bosqichda xalqaro va mahalliy ekspertlar amaldagi dasturlarni tahlil qilib, moliyalashtirish uchun eng istiqbolli loyihalarni aniqlaydi.
Ekologik loyihalarni xalqaro ko‘mak bilan bog‘lovchi «Yo‘l xaritasi»
Tahlil yakunida O‘zbekistonning ustuvor ekologik vazifalarini aniq loyihalar va xalqaro ko‘mak imkoniyatlari bilan bog‘laydigan yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston 2035-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yildagiga nisbatan 50 foizga kamaytirishni maqsad qilgan. COP31 konferensiyasi 2026-yil noyabr oyida Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq «Kursiv» Sergelida 5 gektarlik ekologik dam olish maskani qurilayotgani haqida yozgan edi.