
OnePlus Xitoyda Ace 7 va Ace 7 Pro smartfonlari uchun oldindan buyurtmalarni boshladi. Qurilmalar elektron savdo maydonlarida paydo bo‘lgan, rasmiy taqdimot esa oktabr oxirida o‘tkazilishi kutilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikkala model ham 200 MP asosiy kamera va yuqori unumdorlikka mo‘ljallangan apparat platformasini oladi.
Asosiy kamera 200 MP bo‘ladi
OnePlus Ace 7 seriyasida Samsung HP5 sensori asosidagi 200 MP asosiy kamera qo‘llanishi kutilmoqda.
Ace 7 Pro modeliga qo‘shimcha ravishda 3,5 karra optik yaqinlashtirish imkoniyatiga ega 50 MP teleobyektiv o‘rnatilishi mumkin.
Bazaviy Ace 7’da esa 200 MP asosiy sensor va 50 MP qo‘shimcha kamera bo‘lishi aytilmoqda.

Snapdragon 8 Elite Gen 5 o‘rnatiladi
OnePlus Ace 7 Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan jihozlanishi kutilmoqda. Smartfon 6,78 dyuymli OLED ekran oladi. Displey 1,5K aniqlik va 185 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Old kamera esa 16 MP bo‘lishi kutilmoqda.
Batareya 9000 mA/soat bo‘lishi mumkin
Ace 7’ga 9000 mA/soat sig‘imli batareya o‘rnatilishi aytilmoqda. Qurilma 100 yoki 120 W tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Shuningdek, smartfon faol sovitish uchun ichki ventilyator va suvdan himoyalangan korpus olishi kutilmoqda.
ColorOS 17 va Android 17
OnePlus Ace 7 Android 17 asosidagi ColorOS 17 operatsion tizimida ishlashi kutilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, kompaniya kamera tasvirlarini qayta ishlashda OPPO flagmanlarida qo‘llanadigan algoritmlarga o‘xshash yechimlardan foydalanishi mumkin. Bu surat sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Taqdimot oktabr oxirida kutilmoqda
Hozircha OnePlus Ace 7 va Ace 7 Pro’ning aniq taqdimot sanasi hamda narxlari rasman e’lon qilinmagan. Kompaniya yangi seriyani 2026-yil oktabr oxirida namoyish qilishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» OnePlus Ace 7 9000 mA/soat batareya bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.