Energetika yo‘nalishlarida kvotalar oshiriladi, 50 nafar yosh xorijga yuboriladi

Kelasi o‘quv yilidan O‘zbekistondagi oliygohlarda energetika yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari oshiriladi. Shuningdek, har yili 50 nafar yoshga dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olish uchun davlat granti ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev investorlar bilan o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika sohasidagi ochiq muloqotda aytdi.
Yangi energetika obyektlarining samarali ishlashi malakali mutaxassislarga bog‘liq ekani ta’kidlandi. Shu sababli energetika sohasiga ixtisoslashgan ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirish va zamonaviy bilimga ega kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan.
Har yili 50 nafar yosh xorijda o‘qiydi
Kelasi o‘quv yilidan mahalliy oliygohlarda energetika yo‘nalishlariga qabul kvotalari ko‘paytiriladi.
Bundan tashqari, har yili 50 nafar yoshga dunyoning yetakchi universitetlarida energetika sohasida tahsil olish uchun davlat granti ajratiladi.
ACWA texnikumlarni jihozlaydi
Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Sirdaryodagi texnikumlarni jihozlashni boshlamoqda.
Kompaniya bu texnikumlarda har yili yuzlab yoshlarni energetikaning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitishni rejalashtirgan.
Investorlar texnikumlarni boshqarishi mumkin
Prezident boshqa investorlarni ham o‘z loyihalari uchun xalqaro talablarga mos mutaxassislar tayyorlashda ishtirok etishga chaqirdi.
Bunday tashabbuslarni amalga oshirish uchun investorlarga hududlardagi texnikumlarni boshqaruvga berishga tayyorlik bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yirik gaz resurslariga ega 128 hudud aniqlangani haqida xabar berilgandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularda 5,8 trln kub metr gaz va 560 mln tonna suyuq uglevodorod resurslari mavjud.