Saida Mirziyoyevaga yana bir vazifa yuklatildi

O‘zbekistonda energetika loyihalarini amalga oshirishda investorlar duch kelayotgan muammolarni tezkor hal qilish uchun Yoqilg‘i-energetika sohasida investorlar kengashi tashkil etiladi. Unga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Kengash investorlarning muammolarini hal qiladi
Energetika loyihalarini amalga oshirish katta sarmoya va murakkab infratuzilmani talab qiladi. Yer ajratish, elektr tarmoqlariga ulanish yoki texnik shartlarni olishdagi kechikishlar butun loyihaning amalga oshish muddatiga ta’sir qilishi mumkin.
Shu sababli ACWA, Vision Invest, DataVolt, Voltalia va EDF kabi kompaniyalar yuzaga keladigan masalalarni doimiy muloqot orqali hal qilish mexanizmini taklif etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu taklifni inobatga olib, investorlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ta’kidladi.
Yer ajratishdan loyiha ishga tushguniga qadar
Yangi kengash investorlar duch keladigan muammolarni loyihaning barcha bosqichlarida ko‘rib chiqadi. Jumladan, yer ajratish, tarmoqlarga ulanish, zarur texnik shartlarni olish va obyektni ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonlarda yuzaga keladigan masalalarga tezkor yechim topish ko‘zda tutilgan.
Kengashning asosiy vazifasi – davlat idoralari va investorlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish hamda energetika loyihalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish.
Avvalroq O‘zbekistonda suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimini 2027-yilda butun respublika bo‘ylab xususiy sektorga o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.