
Brax Technologies maxfiylikka yo‘naltirilgan yangi Brax Wink smartfonini taqdim etdi. Qurilma 4 dyuymli OLED ekran, jismoniy QWERTY-klaviatura va modulli konstruksiyaga ega.
Oldindan buyurtmalar allaqachon boshlangan. Dastlabki xaridorlar smartfonni $450 ga olishi mumkin, keyinchalik narx $700 bo‘lishi rejalashtirilgan.
Google servislarisiz BraxOS’da ishlaydi
Brax Wink BraxOS operatsion tizimida ishlaydi. Bu Android asosidagi, biroq Google servislarisiz versiya hisoblanadi.
Kompaniya tizimda reklama modullari va o‘rnatilgan trekerlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Dasturiy ta’minot yangilanishlari 2032-yilgacha chiqarilishi rejalashtirilgan.
Kamera va mikrofonni jismoniy o‘chirish mumkin
Korpusning yuqori qismida maxfiylik tugmasi o‘rnatilgan. U orqali mikrofonlar va asosiy kamerani jismoniy o‘chirish mumkin.
Foydalanuvchi ushbu tugma aynan qaysi funksiyalarni bloklashini mustaqil sozlashi mumkin. Smartfonda old kamera yo‘q. Orqa kamera esa 50 MP.
Ma’lumotlarni avtomatik o‘chiradigan rejimlar bor
BraxOS bir nechta noodatiy himoya funksiyalarini taklif qiladi. Masalan, maxsus «majburlash paroli» kiritilganda qurilma ichidagi ma’lumotlar o‘chirilishi mumkin. Shuningdek, bir necha marta noto‘g‘ri parol kiritilganda yoki telefon ma’lum muddat o‘chiq turganda ma’lumotlarni avtomatik o‘chirish imkoniyati mavjud.

Qayta yuklanganda ham ma’lumotlarni o‘chirish rejimini yoqish mumkin.
QWERTY-klaviatura olinadigan qilib ishlangan
Smartfonning jismoniy klaviaturasi olinadigan modul ko‘rinishida ishlab chiqilgan.
Klaviatura yuzasi sensorli bo‘lib, tugmalar ustida barmoqni surish orqali sahifalarni aylantirish va imo-ishoralarni bajarish mumkin.
Zarurat bo‘lsa, klaviatura moduli kattaroq batareyali korpus qismi bilan almashtiriladi. Standart batareyaning sig‘imi hozircha ma’lum qilinmagan.
MediaTek protsessori va 8 GB RAM
Brax Wink MediaTek MT8875 chipida ishlaydi. Uning tarkibida to‘rtta Arm C1-Pro va to‘rtta Arm C1-Nano yadro, shuningdek Mali-G625 MC2 grafik protsessori mavjud.
Smartfon faqat bitta konfiguratsiyada taklif qilinadi — 8 GB tezkor va 128 GB doimiy xotira. microSD orqali xotirani 1 TB gacha kengaytirish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Redmi K100 uchun Xitoyda oldindan buyurtma boshlangani haqida yozgan edi.