Kanadadagi harbiy bazada yong‘in: to‘rt kishi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Alberta provinsiyasidagi Wainwright harbiy bazasida yuz bergan yong‘in oqibatida 39 kishi shifoxonaga yotqizildi
Kanadadagi harbiy bazada yong‘in: to‘rt kishi halok bo‘ldi
Foto: John Ulan/The Canadian Press/AP Photo

Kanadaning Alberta provinsiyasidagi Wainwright harbiy bazasida yirik yong‘in yuz berdi. Hodisa oqibatida to‘rt nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, 39 kishi shifoxonaga yotqizildi. Ulardan kamida 19 nafari og‘ir ahvolda, deb xabar berdi DW.

Yong‘in shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 atrofida Kanadaning eng faol harbiy o‘quv bazalaridan birida boshlangan.

Yong‘in mashg‘ulot vaqtida boshlangan

Kanada 1-diviziyasi qo‘mondoni Ueyd Ratlendning ma’lum qilishicha, hodisa Princess Patricia’s Canadian Light Infantry uchinchi batalyoni o‘tkazayotgan mashg‘ulot vaqtida yuz bergan.

Mashg‘ulot hududida quruq o‘tlar yonib ketgan. Kuchli shamol sabab olov tez tarqalib, yo‘nalishini o‘zgartirgan va poligonning ma’muriy hududi tomon o‘tgan.

Yong‘inning aniq sababi bo‘yicha tekshiruv davom etmoqda.

19 kishi og‘ir ahvolda

Alberta provinsiyasi rahbari Danielle Smit 39 kishi shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. Ularning kamida 19 nafari og‘ir ahvolda.

Jarohatlanganlarning bir qismi bazadan qariyb 180 km uzoqlikdagi Edmonton shahridagi shifoxonalarga olib ketilgan.

Mahalliy shifokorlar bazaga yaqin tibbiyot muassasalari bemorlar soni sabab katta bosim ostida qolganini bildirgan.

Karni hodisani og‘ir fojia deb atadi

Kanada bosh vaziri Mark Karni hodisani mamlakat armiyasining tinchlik davridagi eng og‘ir fojialaridan biri deb atadi.

U to‘rt nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini tasdiqlab, jarohatlanganlarga barcha zarur yordam ko‘rsatilishini bildirdi.

Yong‘in baza hududidan tashqariga ham tarqalgan

Wainwright munitsipal okrugi ma’lumotiga ko‘ra, kuchli shamol sabab yong‘in tez yoyilib, harbiy baza chegarasidan ham chiqib ketgan.

Favqulodda xizmatlar odamlar hayoti, turarjoylar va boshqa inshootlarni himoya qilishga qaratilgan choralarni davom ettirmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Tramp Kanadaga qarshi 50 foizlik boj va import taqiqini joriy etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek