Restoran xodimi va kuryer o‘rtasidagi janjaldan so‘ng Brasserie Park terassasi demontaj qilindi

eʼlon qilindi
Kuryer bilan janjallashgan fuqaroga ma’muriy bayonnoma tuzildi, restoran hududida esa qoidabuzarliklar aniqlandi
Foto: iibbuz

Ijtimoy tarmoqlarda Toshkentning Mirobod tumanidagi Brasserie Park restorani xodimi va skuterda yurgan kuryer o‘rtasidagi janjal aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB jamoat tartibini buzgan fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, hodisadan so‘ng restoran yonidagi yozgi maydoncha ham tekshirilib, hududdan foydalanishda qoidabuzarliklar aniqlangan.

Mojaro trotuar sabab kelib chiqqan

Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 17-oktabr kuni taxminan soat 13:00 da Mirobod tumanidagi restoran oldida 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro va 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan shaxs o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Mojaro piyodalar yo‘lagidan foydalanish masalasi sabab kelib chiqqan. Qayd etishicha, restoran xodimi jamoat joyida voyaga yetmagan shaxsga qo‘pol muomala qilib, jamoat tartibini buzgan.

Kuryerga qo‘pollik qilgan fuqaroga nisbatan bayonnoma tuzildi

1990-yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi – mayda bezorilik bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan. Qo‘pollik qilgan shaxs kuryerdan uzr  so‘ragan.

Restoran hududida ham qoidabuzarlik aniqlandi

Foto: tashkent.uz

Toshkent shahar hokimligi mojaro ortidan «Moviy gumbazlar» xiyobonidagi yozgi maydonchaning joylashtirilishini ham tekshirdi. Tekshiruvda hududdan foydalanish talablari, jumladan, piyodalarning erkin harakatlanishi ta’minlangani o‘rganilgan.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan. Shundan so‘ng hudud qonunchilik talablariga muvofiq Toshkentda piyodalar harakatini cheklagan Brasserie Park restoranining terassasi demontaj qilindi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda fuqarolarning osoyishtaligini buzadigan ortiqcha shovqin uchun javobgarlik kuchaytirilganligi haqida tabriklagani haqida yozgan edi.

Shuningdek