Avstraliya Meta va boshqa platformalarni sudga bermoqchi

Avstraliya 16 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklovlari buzilayotgani sababli Meta, TikTok, Snapchat va YouTube kompaniyalariga qarshi da’vo tayyorlamoqda. Kompaniyalarga $76 mln gacha jarima solinishi mumkin.
Mamlakat aloqa vaziri Anika Uellsga ko‘ra, Avstraliya 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash talablariga rioya qilinmayotganini tekshirmoqda. Bolalar hanuz platformalardan foydalanishda davom etmoqda va cheklovlarni aylanib o‘tish yo‘llarini topmoqda.
Shu sababli Facebook va Instagram egasi Meta, TikTok, Snapchat hamda YouTube’ga qarshi sud da’volari tayyorlanmoqda. Avstraliya hukumati elektron xavfsizlik bo‘yicha eSafety komissari Juli Inman Grantning tergov vakolatlarini kengaytirgan.
Endi regulyator ijtimoiy tarmoq platformalaridan ichki hujjatlarni talab qilishi, shuningdek, kompaniyalarning amaldagi va sobiq xodimlarini ko‘rsatma berish uchun chaqirishi mumkin. Bu vakolatlar sudga taqdim etiladigan dalillarni to‘plash uchun ishlatilishi aytilmoqda.
Yoshni tekshirish tizimi tanqid qilinmoqda
Avstraliya hukumati ijtimoiy tarmoqlardagi yoshni aniqlash va tekshirish mexanizmlari yetarlicha samarali emasligini ta’kidlamoqda.
Gap, jumladan, Facebook va Instagram egasi Meta hamda TikTok haqida ketmoqda. Rasmiylar 16 yoshdan kichik bolalar amaldagi cheklovlarga qaramay platformalardan foydalanishda davom etayotganini bildirgan.
Agar platformalar voyaga yetmagan foydalanuvchilarni aniqlash va ularga kirishni cheklash bo‘yicha talablarni bajarmagani sudda isbotlansa, kompaniyalarga ko‘p million dollarlik jarimalar qo‘llanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Hukumat 14-oktabr kuni bolalar va o‘smirlarni internetdagi xavflardan himoya qilish bo‘yicha islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini ma’qulladi. Biroq takliflar hali yakuniy qonun sifatida qabul qilinmagan, cheklovlar qachondan kuchga kirishi ham noma’lum.