JSST: dunyoda har yili 1 mlrd bola zo‘ravonlikka duch keladi

Dunyo bo‘ylab har yili qariyb 1 milliard bola jismoniy, jinsiy yoki ruhiy zo‘ravonlikka duch keladi. Har besh daqiqada esa zo‘ravonlik oqibatida bir bola halok bo‘ladi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi.
Pokistonda bolalarni himoya qilish strategiyasi qabul qilindi
14-oktabr kuni Pokiston Inson huquqlari vazirligi va JSST mamlakatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berishga qaratilgan 2026–2031-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyani taqdim etdi.
Hujjat 120 million bolani himoya qilish, zo‘ravonlikning oldini olish va jabrlangan bolalarga yordam ko‘rsatish tizimini mustahkamlashni nazarda tutadi.
Pokistonda bolalarning 80 foizi zo‘ravon tarbiyaga duch keladi
Strategiya ma’lumotlariga ko‘ra, Pokistonda bolalarning qariyb 80 foizi tarbiya jarayonida zo‘ravonlik usullariga duch keladi.
Internetdan foydalanuvchi 12–17 yoshli o‘smirlarning har 16 nafaridan biri raqamli texnologiyalar orqali ekspluatatsiya yoki zo‘ravonlikka uchraydi. Bundan tashqari, mamlakatda 8,6 million bola mehnat faoliyatiga jalb qilingan.
Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 57 foizdan ortig‘i esa fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlarda ro‘yxatdan o‘tmagan. Bu ularning himoya tizimlari va asosiy xizmatlardan foydalanishini qiyinlashtirishi mumkin.
Zo‘ravonlik bolalarning kelajagiga uzoq muddat ta’sir qiladi
JSST ma’lumotiga ko‘ra, bolalikdagi zo‘ravonlik jismoniy va ruhiy salomatlikka uzoq muddatli zarar yetkazishi mumkin. Uning oqibatlari bolaning rivojlanishi, ta’lim olishi va kelajakdagi munosabatlariga ham ta’sir qiladi.
Zo‘ravonlikning oldini olish uchun qonunchilikni kuchaytirish, bolalar uchun xavfsiz muhit yaratish, ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash va jabrlanganlarga yordam xizmatlarini rivojlantirish muhim hisoblanadi.
JSST zo‘ravonlik oqibatidagi bolalar o‘limi va uning uzoq muddatli zararlarini tegishli choralar orqali kamaytirish mumkinligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligi haqida yozgan edi.