Soliq organining hisobvaraqlarni bloklash qaroriga sud orqali e’tiroz bildiriladi

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan yangi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi tartib bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish jarayonini qayta belgilaydi.
Qarorni soliq organi rahbari qabul qiladi
Qonunga ko‘ra, soliq to‘lovchi yoki soliq agentining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi qaror soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan qabul qilinishi mumkin.
Agar soliq to‘lovchi ushbu qarorga e’tiroz bildirmasa, amaldagi tartib doirasida qaror kuchda qoladi.
E’tiroz bo‘lsa, masala sudga chiqadi
Agar soliq to‘lovchi soliq organining hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish qaroriga e’tiroz bildirsa, keyingi qarorni sud qabul qiladi.
Bunda soliq organi e’tiroz kelib tushgan kundan keyin uch kundan kechiktirmay sudga ariza kiritishi kerak.
Sud yakuniy qaror chiqarguniga qadar hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilgan holatda qoladi.
Asoslar bartaraf etilsa, cheklov bekor qilinadi
Agar Soliq kodeksining 111-moddasida nazarda tutilgan qoidabuzarliklar soliq to‘lovchi tomonidan bartaraf etilsa, soliq organi operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi qarorini bekor qiladi.
Shuningdek, Soliq kodeksining 112-moddasiga yangi asos kiritildi. Unga ko‘ra, sud operatsiyalarni to‘xtatib turishni rad etsa, sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab cheklov bekor qilinadi.
Sudga qanday hujjatlar taqdim etiladi
Iqtisodiy protsessual kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, sudga yuboriladigan arizaga bir qator dalillar ilova qilinishi kerak.
Ular orasida soliq to‘lovchi operatsiyalarni to‘xtatib turishga asos bo‘ladigan qonun talablarini buzganini tasdiqlovchi dalil, soliq organi tomonidan tegishli xabarnoma yuborilganini tasdiqlovchi hujjat hamda soliq to‘lovchining qarorga bildirgan e’tirozi bo‘lishi lozim.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Navoiy va Chirchiqda yillik daromad deklaratsiyasi sinovdan o‘tkazilishi haqida yozgan edi.