
2004-yilda chiqarilgan mashhur «Shrek 2» o‘yini zamonaviy platformalar uchun qayta ishlanadi. O‘yin 22 yildan so‘ng zamonaviy platformalarga qaytadi.
Yangilangan versiya Shrek 2 Remastered nomini oladi va uni Aspyr studiyasi chiqaradi. O‘yin taqdimoti uchun tayyorlangan treylerda ishlab chiquvchilar GTA 6 reklama kampaniyasini hazil tariqasida parodiya qilgan.
O‘yin 10-noyabrda chiqadi
Shrek 2 Remastered 10-noyabr kuni Nintendo Switch, Nintendo Switch 2, PlayStation 5, Xbox Series X va shaxsiy kompyuterlar uchun taqdim etiladi.
Asl Shrek 2 o‘yini 2004-yilda chiqarilgan bo‘lib, DreamWorks’ning shu nomdagi multfilmi voqealariga asoslangan.
O‘yinchilarga Shrek botqog‘i, Fiona qal’asi va Uzoq-uzoqlar qirolligi kabi tanish joylar bo‘ylab sayohat qilish imkoniyati berilgan. Bundan tashqari, original o‘yinda multfilmda bo‘lmagan, aynan o‘yin uchun yaratilgan alohida epizodlar ham mavjud edi.
4K grafika va yangilangan interfeys bo‘ladi
Remaster versiyada teksturalar yaxshilanadi, interfeys qayta ishlanadi va videolavhalar yangilanadi. Shuningdek, o‘yin 4K aniqlikda ishlashi, fotorejim va maxsus cheat-kodlar rejimiga ega bo‘lishi aytilmoqda.
Bu orqali o‘yinchilar ayrim o‘yin mexanikalarini o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Onlayn kooperativ qo‘shiladi
Asl o‘yinning eng mashhur jihatlaridan biri mahalliy kooperativ rejimi edi. Unda bir qurilmada to‘rt kishigacha birgalikda o‘ynash mumkin bo‘lgan.
Remasterda esa ushbu imkoniyat kengaytiriladi. Endi to‘rt nafargacha o‘yinchi internet orqali birgalikda o‘ynashi mumkin bo‘ladi.
Treylerda GTA 6 ustidan hazil qilindi
Shrek 2 Remastered e’loni uchun chiqarilgan treylerda Rockstar Games’ning GTA 6 atrofidagi uzoq davom etayotgan reklama kampaniyasi parodiya qilingan.
Treyler g‘oyasi shundan iboratki, o‘yinchilar GTA 6’ni uzoq vaqt kutayotgan bir paytda, Shrek 2 esa 22 yildan so‘ng katta reliz bilan qaytmoqda. Bu hazil remaster e’lonining eng ko‘p muhokama qilingan jihatlaridan biriga aylandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan GTA 6 narxi rasman e’lon qilingani haqida yozgan edi.