Italiyaning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi yetti barobar oshdi
O‘zbekiston va Italiya tadbirkorlari bir kun avval Rimda bo‘lib o‘tgan qo‘shma forumda ishtirok etdi. Unda mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy sohadagi hamkorlik natijalari e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Italiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari hajmi 2019-yildan buyon yetti barobar oshdi. Mamlakatda Italiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki baravar ko‘paydi. Gap metallurgiya, elektrotexnika, zargarlik sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi tarmoqlar haqida bormoqda.
Forumda italiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati bilan tanishtirildi. Tadbir yakunlari bo‘yicha bir qator investitsiya shartnomalari va savdo shartnomalari imzolandi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7—9-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Italiyada bo‘ladi.