Amazon mijozlarni aldaganlikda gumonlanmoqda
AQSh Federal Savdo komissiyasi dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri Amazonga qarshi sudga murojaat qildi. U Prime servisiga obuna bo‘lish vaqtida foydalanuvchilarni aldaganlikda ayblanmoqda, deb yozadi Financial Times.
AQSh regulyatori Amazonni «iste’molchilarni aldash uchun manipulyativ, chalg‘ituvchi iste’molchi interfeysi dizaynidan foydalanib, Prime obunalarini avtomatik yangilashda» aybladi. Kompaniya, shuningdek, mijozlarning obunalarni bekor qilishga urinishlarini «sabotaj qilish»da ham gumon qilinmoqda.
Amazon bu ayblovlarni «fakt va qonun nuqtai nazaridan yolg‘on» deb atadi.
FTC Amazonni qayta loyihalashtirishni xohlaydi. Regulyator shuningdek, elektron tijorat gigantini jarimaga tortishni talab qildi.
Nashrning qayd etishicha, komissiya so‘nggi paytlarda yirik texnologiya kompaniyalariga qarshi bir qator jarayonlarni boshlab yuborgan. Amazondan tashqari ular Google va Meta-ni ham o‘z ichiga olgan.