O‘zbekistonda farzandini maktabga chiqarish “qimmatga tushadi”mi?
Shu kunlarda yozgi taʼtil tugab, butun mamlakat bo‘ylab kuzning ilk kunlaridanoq barcha taʼlim muassasalar birdek o‘quvchiyu talabalar bilan to‘ladi. Bu borada asosan maktab o‘quvchilarining ota-onalari zimmasiga anchayin qiyin vaziflalar turadi. Bolani nafaqat maʼnan maktabga tayyorlash uchun, balki moddiy jihatdan to‘la va to‘liq taʼminlashda masʼuldirlar. «Kursiv» muxbiri maktab o‘quvchilarining ota-onalari va poytaxtimizning «Chorsu» bozoridagi «Maktab bozori» sotuvchilari bilan bir bolani maktabga chiqishi necha so‘m chiqim qilishi mumkinligi borasida aniqlik kiritdi.
O‘quv qurollari
Dolzarb mavzuzimizning diqqatli tomoni shundaki, ancha yillik tajribaga ega kanselyariya mollari sotuvchilarining fikricha, joriy yil qog‘oz narxi ancha past. Bundan kelib chiqadiki, daftar va oq qog‘oz narxlari ham arzonlashgan.
Shunday qilib, oddiy 12 varaqlik daftar 300 so‘mdan 700 so‘mgacha sotilmoqda. Umumiy daftarlar 1500 so‘mdan 2500 so‘mgacha farqlanyapti.
Ruchkalar esa 500 so‘mdan – 5000 so‘mgacha, biroq penallar narxri 60-80 000 so‘mgacha chiqqan. O‘tgan yili oq qog‘oz jamlanmasini 100 000 so‘mgayam topolmagan bo‘lsak, bu yil «Snegurochka» qog‘ozlari 50 000 so‘m bilan narxlanibdi.
Biroq, oppoq, sifatli va qalin qog‘ozdan ishlab chiqarilgan daftarlar donasi 3 000 so‘mdan baholanmoqda.
Chizg‘ichlar 1000 so‘mdan 20 000 so‘mgacha bor.
Sotuvchilarga bozorga kelgan ota-onalar bir nafar bolasiga o‘rtacha necha so‘mga savdo qilishyapti degan savol bilan yuzlandik, ismi-sharifini aytmaslikni afzal ko‘rgan tadbirkorimiz:
«Har xil savdo qilishadi. O‘rtacha 400-500 000 so‘m kanselyariya mollarini xarid qilishmoqda. Baʼzida bitta bolaga bolaga 1 000 000 so‘mgacha maktab bozorligi qilishadi» deb javob berdi.
Maktab formalari
Maktab formasi, maktab uchun kiyimlar ham alohida mavzu. Zero, o‘quvchilarni kundalik kiyimda maktabga chiqarishning imkoni yo‘q. Bu bir tomondan intizom masalasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan sinfiy tabaqalanish oldini olishda samarali vosita sanaladi.
Shunday qilib, bolalar va o‘smirlar oyoq kiyimlari 170-220 000 so‘m atrofida. O‘g‘il bolar ko‘ylak-shimlari 130-150 000 narxda. Biroq, qiz bolalarning birgina oq koftasi 65-180 000 so‘mgacha. Yubkalar va sarafanlar esa 100-130 000 so‘mlar.
Qiz bolalarning oppoq «kolgotki»lari 30-35 000 so‘m.
Maktab sumkasi
Maktab sumkalarining ahamiyati kam emas. Bugun bu mahsulotning har qanday o‘lcham va dizayndagisini tanlash imkoniyati keng. Ular 130 000 so‘mdan boshlanib, eng qimmatlari 300 000 so‘mlar oralig‘ida. Katta-kichikligaga, sig‘imiga, bezaklariyu rangiga qarab, tashlayverasiz bu yog‘iga!
Shu o‘rinda, bir nafar bolasini maktabga chiqarayotgan Farangiz Ramazonova quyidagi fikrlarni bildirdi:
«Men bolamni maktabga chiqarishim uchun 300 000 so‘mga kostyum va shim, 70 000 so‘mga o‘g‘il bolalar oq ko‘ylagi, 160 000 so‘mga oyoq kiyim, 150 000 so‘mga maktab sumkasi va 200 000 so‘m atrofida o‘quv qurollari xaridiga sarfladim. Jami 880 000 so‘mga bozorlik qilaman».
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi xususiy maktab direktori Nigora Bo‘ronova besh nafar farzandning onasi. Hozirda uch nafar bolasi maktabga chiqadi.
«Maktab formasi uchun minimum 450 000 so‘mdan, o‘quv kurollari uchun 250 000 atrofida, sumkasi 150 ming so‘mlarga tushadi. Jami eng arzoni 850 ming so‘mlar bo‘ladi. Har bir bolamga! Yana keyin havo sovuq bo‘lsa, mavsumiy issiq kiyimlar xarajat qilasiz. Maktabga borishning har bir kuni keyin xarajati bo‘ladi. Yul kirasi, ovqatlanishi, u kitobni olishim kerak ekan, sinfga buni olishimiz kerak ekan xullas kunlik buromad 40 minglarga boradi»- deydi Nigora Bo‘ronova.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘rtacha 1 000 000 – 2 000 000 so‘mgacha xarajat bilan bir o‘quvchini maktabga to‘liq tayyor deb hisoblashimiz mumkin.
Eslatib o’tamiz, «Kursiv» birinchi sinfga qabul jarayonlari shartlarini yoritgan edi.