O’zbekistonning yuzga yaqin kompaniyalari aksiyalari «Toshkent» Respublika fond birjasida sotilmoqda. Ularni ham O’zbekiston ham chet el fuqarolari sotib olishadi biroq ularning barchasi ham xaridorgir emas. «Kursiv» investitsiyalar bilan yangi shug`ullanmoqchi bo`lganlarga aksiyalarni tanlash borasida nimalar yordam berishi mumkinligiga Freedom Broker kompaniyasi ijrochi direktori Yevgeniy Mojeyko bilan aniqlik kiritdi .
O’zbekiston kompaniyalari aksiyalarini sotib olishda nimalarga ahamiyat berish lozim?
Quyida Kompaniyalar va qimmatli qog’ozlarni tanlashda e’tibor qaratilishi lozim bo’lgan jihatlar:
1) Kompaniya mashhur bo’lishi va birjada o’z listingiga ega bo’lishi lozim, bu kompaniyaning ochiqligini ko’rsatadi
2) Xarid qilishda zangori fishkalarga aylangan taniqli kompaniyalar aksiyalariga to’xtalishga harakat qilish kerak. Chunki bunday aksiyalar bozorda xaridorgir bo’ladi va o’z navbatida ularni tezda sotish ham, sotib olish ham mumkin.
3) Qimmatli qog’oz to’g’risida keltirilgan turli investitsiya kompaniyalarning tavsiyanomalariga ahamiyat berish kerak. Bu sizga aksiyalarga qilgan investitsiyalaringizning o’rtacha potensialini bilishga yordam beradi.
Sarmoyadorga dastlab qancha miqdorda aksiya sotib olishni maslahat bergan bo’lar edingiz?
Kamida 10 million so’mdan sarmoya kiritishni tavsiya qilishimiz mumkin. Bu boshlang’ich investorlar, yosh mutaxassislar va o’rtacha uy xo’jaliklari uchun juda qulay hajm. Ushbu summa uchun siz portfelingizda «Kvarts» shisha zavodining kamida 1 mingta aksiyasini, «Hamkorbank» ning 5 mingta aksiyasini, «O’zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi»ning 200 ta aksiyasini va «O’zmetkombinat»ning 200 ta qimmatli qog’ozlarini sotib olishingiz mumkin. Shunda portfelingiz iqtisodiyotning turli sohalaridagi kompaniyalardan tashkil topadi.
Investitsiya bilan bog’liq qarorlarni qabul qilish uchun asosan qanday multiplikatorlar kerak?
Multiplikatorlar kompaniyalarning investitsiya nuqtai nazaridan jozibadorligini taqqoslashga yordam beradi. Masalan, ayrim tashkilotlarning aksiyalari bir necha tiyin, boshqalari esa yuz ming turishi mumkin. Multiplikatorlar yordamida turli kompaniyalarni solishtirish va yuqori baholanmagan yoki ortiqcha baholangan qimmatli qog’ozlarni aniqlash mumkin.
Hozirgi kunda eng keng tarqalgan koeffitsent bu P/E hisoblanadi. Bu kompaniyaning qiymatini foyda bilan taqqoslaydi. Hisoblash uchun oxirgi savdo kunida kapitallashuv va yillik hisobotdan sof foyda olinadi.
Koeffitsient qiymati qanchalik kichkina bo’lsa, kompaniyaning past baholanishi va uning aksiyalari ko’tarilishi ehtimoli shunchalik yuqori bo’ladi.
Investorning kundaligi nima va uni nega yuritish lozim?
Investor kundaligi investitsiya strategiyangiz asosida harakatlanish uchun juda muhimdir. Bu sizga investitsiya bosqichiga kirishda bir nechta parametrlarni, ya’ni qilingan sarmoya kelajagi, tavakkalchilik «ishtahasini», ko’zlangan daromadni tushunishga imkon beradi. Keyinchalik, mantiqan siz investitsiya portfelingizni shakllantirasiz hamda ushbu parametrlarga rioya qilasiz. So’ngra unga o’zingizning portfelingizdagi kompaniyalar to`g`risida muhim korporativ voqealarni yozishni boshlaysiz. Kundalik investor uchun qimmatli qog’ozlarni muddatli bozorda sotish yoki sotib olish kabi qarorlarni qabul qilish chog’ida his-tuyg’ularini jilovlash uchun xizmat qilishi kerak.
Maqolani o’zbek tiliga Iroda Abdujalilova tarjima qildi.